Chevrolet Damas haydovchilarida qanday kasalliklar kuzatiladi

29-yanvar 2026 10:43 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Damas haydovchilarida qanday kasalliklar kuzatiladi
Foto: Kursiv Uzbekistan / Samijon Juraqulov

Chevrolet Damas haydovchilarida bir qator kasalliklar yuzaga kelishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda bir nechta kasallik nomi qayd etildi.

Damas haydovchilari orasida sog‘liq bilan bog‘liq bir xil shikoyatlar tez-tez uchraydi. Ko‘pchilik yurak sohasida sanchiq, ichki siqilish, tushunarsiz qo‘rquv va vahima bosishi haqida gapiradi. Ba’zilar buni yurak kasalligi yoki asabiylik deb o‘ylaydi. Ammo muammo ko‘pincha yurakda emas, bo‘yinda bo‘ladi.

Damas avtomobilining konstruksiyasi haydovchini majburan bukilgan holatda o‘tirishga majbur qiladi. O‘rindiq balandligi, rulning joylashuvi va salon torligi sabab bo‘yin oldinga egilgan holatda qoladi. Bu holat ayniqsa bo‘yi uzun haydovchilarda yanada yaqqol ko‘rinadi. Ular boshini bukmasdan haydash imkoniga ega emas va bo‘yin umurtqalari doimiy zo‘riqish ostida bo‘ladi.

Foto: SI

Uzoq vaqt davomida shu holatda avtomobil boshqarish bo‘yin umurtqalarida osteoxondroz, protruziya yoki grija rivojlanishiga olib keladi. Bo‘yin sohasidagi nervlar va qon tomirlari siqila boshlaydi. Natijada miya va vegetativ asab tizimi ta’sirlanadi. Bu esa yurak sohasida g‘ashlik, sanchiq, nafas qisishi, qo‘rquv va vahima xurujlari kabi alomatlarga sabab bo‘ladi.

Ko‘p hollarda haydovchi bunday holatni yurak bilan bog‘laydi.

Video: «Qoraxabar» Telegram kanali

Tekshiruvlardan o‘tsa ham yurak sog‘lom chiqadi. Asl sabab esa bo‘yin umurtqalaridagi muammoda bo‘ladi. Bo‘yin umurtqasi vegetativ asab tizimi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgani sababli, undagi o‘zgarishlar nevrozga o‘xshash holatlarni keltirib chiqaradi.

Ayniqsa, Damasda muntazam, kun bo‘yi ishlaydigan haydovchilar xavf guruhiga kiradi. Ularning bo‘yni doimiy siqilgan holatda bo‘ladi. Bu jarayon yillar davomida sekin-asta kuchayadi va bir payt kelib keskin noqulayliklar bilan namoyon bo‘ladi.

Muammoni inkor etish yoki faqat dorilar bilan bosish yetarli emas. O‘tirish holatini imkon qadar to‘g‘rilash, o‘rindiqni moslashtirish, tanaffuslarda bo‘yin mashqlarini bajarish muhim. Lekin eng asosiysi, mutaxassis ko‘rigidan o‘tish lozim.

Kursiv Uzbekistan nashri yangi Damas’da nimalar o‘zgargani haqida yozgan edi.

Shuningdek