
AQShda arzonligi bilan tanilgan Chevrolet Malibu kutilmaganda avtomobil bozorida yana e’tibor markaziga chiqdi. Avvalroq ushbu model eng mashhur ishlatilgan avtomobillaridan biri bo‘lgani haqida yozgandik.
Toyota Camry’ning budjet segmentidagi raqibi sifatida qaraladigan bu yirik sedan ishlab chiqarishdan olingan bo‘lsa-da, ikkilamchi bozorda unga bo‘lgan talab keskin oshdi.
Carscoops ma’lumotiga ko‘ra, AQShdagi avtoprokat kompaniyalari avtoparklarini yangilashi ortidan minglab Chevrolet Malibu avtomobillari bozorga chiqdi. Natijada xaridorlar nisbatan arzon narxda, yaxshi jihozlangan va keng salonli sedan sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Aynan shu omil Malibu’ga bo‘lgan qiziqishni keskin oshirgan.
Chevrolet Malibu ishlab chiqarilishi 2024-yilda rasman to‘xtatilgan. Shundan so‘ng modelning vorisi bo‘lishi mumkinligi haqida turli taxminlar paydo bo‘lgan, biroq hozircha aniq reja yoki yangi avtomobil taqdim etilgani yo‘q. Shunga qaramay, Malibu’ning bozorda ikkinchi hayoti aynan ishlab chiqarishdan olinganidan keyin boshlanganini ko‘rish mumkin.
Avtomobil sanoatida bu yagona holat emas. 2026 – 2027-yillarda bir qator mashhur va nisbatan arzon modellarning global yoki ayrim bozorlardagi savdosi to‘xtatilishi kutilmoqda. Ayrim avtomobillar allaqachon konveyerdan tushgan, boshqalari esa navbat kutmoqda.
Chevrolet Malibu narxlari — AQSh bozori
AQShda ishlatilgan Chevrolet Malibu modellari narxi yil, yurgan masofasi va trim darajasiga qarab $8 mingdan $24 minggacha o‘zgaradi. Jumladan:
So‘nggi modellar (2020 – 2024)
- Odatda $13 ming – $20 ming oralig‘ida sotiladi.
- 2023 – 2024 modellari ko‘pincha $15,5 ming – $23,7 ming oralig‘ida e’lon qilinadi.
- 2022-yilgi Malibu modellari qayta sotishda $14 ming – $16 ming qiymatga ega.
Biroz eski modellar (2020 – 2022)
- Narxi $13 ming – $17,5 ming oralig‘ida.
Eski modellari (2015 – 2018)
- 2018-yil modellari $10,3 ming – $13 ming atrofida.
- 2015-yil modellari $8 mingga tushadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker Rossiyada qanday narxda sotilayotgani haqida yozgandi.