Avto

Chevrolet Malibu eng ishonchsiz gibrid avtomobillar qatoridan joy oldi

AQShning GOBankingRates portali ro‘yxati
Chevrolet Malibu eng ishonchsiz gibrid avtomobillar qatoridan joy oldi
Chevrolet Malibu eng ishonchsiz gibrid avtomobillar qatoridan joy oldi / Foto: «Drayv»

Gibrid avtomobillar bugun yangilik emas. Ammo tanlov kengaygani sari qaysi model ishonchli, qaysisi esa kelajakda katta xarajatlarga sabab bo‘lishini aniqlash qiyinlashmoqda. AQShning GOBankingRates portali mexaniklar va avtoekspertlar fikriga asoslanib, sotib olish tavsiya etilmaydigan gibrid avtomobillar ro‘yxatini e’lon qildi. Mazkur ro‘yxatdan quyidagi avtomobillar joy egallagan.

Ford Escape Hybrid (2005–2012)

Ford Escape Hybrid 2012 / Foto: Autoguide

10 yildan ortiq tajribaga ega mexanik Matteo bu model tashqi tomondan qulay va tejamkor ko‘rinsa-da, asosiy muammo batareyada ekanini aytadi. Batareyani almashtirish narxi $5 minggacha yetishi mumkin, bu esa ba’zida avtomobilning bozor qiymatidan ham qimmatga tushadi.

Chevrolet Malibu Hybrid (2016–2019)

Chevrolet Malibu / Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Yonilg‘i tejamkor bo‘lsa-da, ushbu modelni keyinchalik sotish va ta’mirlash qiyin. General Motors gibrid yo‘nalishiga yetarlicha e’tibor bermagani sababli, ushbu mashina uchun malakali ustalarni topish mushkul.

Chrysler Pacifica Hybrid (2017–2025)

Chrysler Pacifica Hybrid (2017–2025)
Chrysler Pacifica Hybrid 2017 / Foto: Green Car Reports

Bu miniven bir necha bor batareya va elektron tizimlardagi muammolar sabab qayta chaqirib olingan. Ayrim egalari mashina kutilmaganda to‘xtab qolishi yoki zaryadlash bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan.

Eng ishonchli gibrid avtomobillar esa:

  • Kia Sportage Hybrid. Mutaxassislar fikricha, u qulay, ishonchli va keng salonli bo‘lishi bilan ajralib turadi hamda narx jihatidan ham maqbul.
  • Hyundai Sonata Hybrid. Chiroyli dizayn, sinovdan o‘tgan dvigatellar va yaxshi narx–sifat muvozanati bu modelning asosiy ustunliklari hisoblanadi.
  • Toyota Prius. Eng mashhur gibridlardan biri bo‘lgan Prius hanuzgacha eng ishonchli modellardan sanaladi. U tejamkorligi, boshqaruv qulayligi va yumshoq yurishi bilan ajralib turadi.

Gibrid avtomobillar orasida ham ehtiyot bo‘lish kerak bo‘lgan modellari bor, ayniqsa ikkilamchi bozorda. Toyota, Hyundai va Kia gibridlari esa uzoq muddat foydalanish uchun eng xavfsiz tanlov sifatida qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet avtomobillariga dvigatel moyini qanday tanlash kerakligi haqida maqola e’lon qilgandi.