Lifestyle

Daniyalik ota o‘g‘liga bo‘lgan muhabbatini 521 tilda izhor etib qo‘shiq kuyladi — rekord

Xallun o‘g‘lining tug‘ilgan kuni munosabati bilan noodatiy sovg‘a tayyorlagan
Foto: Guinness World Records

Daniyalik musiqachi Filip Xallun o‘g‘li Uilyamga bag‘ishlangan qo‘shiq orqali Ginnes rekordlar kitobidan joy oldi. Bu haqda rekordlar kitobining rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Xallun o‘g‘lining tug‘ilgan kuni munosabati bilan noodatiy sovg‘a tayyorlagan. U «Seni sevaman» iborasini 521 tilda kuylagan qo‘shiq yaratdi. Tillarning aynan 521 ta bo‘lishi bejiz emas: bu raqam Uilyamning tug‘ilgan sanasi – 21-mayga ishora qiladi.

«Qo‘shiqdagi barcha so‘zlar – dunyo tillaridagi «Seni sevaman». Bu orqali men unga nima bo‘lishidan qat’i nazar, har qanday tilda uni doimo sevishimni aytmoqchi bo‘ldim», – deya tushuntirdi Xallun.

Uning aytishicha, eng qiyin jihat barcha tillarda talaffuzning to‘g‘riligini tekshirish va qo‘shiqning ohangini silliq hamda uyg‘un qilish bo‘lgan. Gitara uchun yozilgan kuy esa Uilyam tug‘ilishidan oldin yaratilgan bo‘lib, musiqachi uni o‘g‘liga doim chalib kelgan.

«Qo‘shiq Uilyamga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, u butun dunyodagi «Seni sevaman» degan so‘zlarni eshitishga muhtoj insonlar uchundir. Men bu asar va rekord muhabbatga ehtiyoji bor yuraklarga mehr olib kirishini istadim», – dedi u.

«I Love You» nomli qo‘shiq 23 daqiqadan ortiq davom etadi va YouTube’da 1 milliondan ziyod tinglangan.

Ma’lumot o‘rnida, Filip Xallun 20 yildan beri musiqa yozish va prodyuserlik bilan shug‘ullanadi. U dunyoning turli mamlakatlaridagi ijrochilar uchun turli tillarda qo‘shiqlar yaratgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi zelandiyalik erkak eng uzun ism egasi sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kirgani haqida yozgandi.