Erkaklar uydan chiqmasdan turib, qanday daromad olishi mumkin

eʼlon qilindi
Erkaklar uchun uy sharoitida daromad keltiradigan va hech qanday oliy ma’lumot talab qilinmaydigan 10 ta kasb va hunarlar jamlandi
Erkaklar uydan chiqmasdan turib, qanday daromad olishi mumkin / Foto: Sun’iy intellekt

Bugungi kunda texnologiyalar rivoji tufayli uydan chiqmagan holda ham barqaror va qonuniy daromad topish imkoniyatlari talaygina. Ayniqsa, erkaklar uchun jismoniy mehnatga bog‘lanmagan holda, bilim, tajriba va kretivlik asosida pul ishlash yo‘llari ko‘paymoqda. Bu nafaqat vaqtni tejaydi, balki oilaga yaqin bo‘lish, qo‘shimcha daromad manbai yaratish yoki buni hatto asosiy kasbga aylantirish imkonini ham beradi.

Mazkur maqolada erkaklar uchun uydan chiqmay turib pul ishlashning eng samarali, real va O‘zbekiston sharoitiga mos usullari yoritiladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha kerakli bilimlar, boshlash uchun nimalar zarurligi hamda daromad imkoniyatlari sodda, aniq va real ma’lumotlar bilan taqdim etiladi.

Quyida eng maqbul 10 ta kasb-hunarlar keltirilgan:

  1. Onlayn ta’lim va repetitorlik
  2. Zargarlik buyumlari yasash
  3. Turistlar yoki interyer uchun suvenirlar yasash
  4. Tarjimonlik va matn yozish xizmatlari
  5. Maishiy texnika yoki shaxsiy buyumlarni ta’mirlash
  6. Video montaj va kontent tayyorlash
  7. Har xil uslubdagi qandillar yasash
  8. Arxitektura va interyer dizayni
  9. Charm so‘mka, hamyon yoki boshqa buyumlar yasash
  10. Eshik va devorlar uchun dizaynlashtirilgan oynalar yasash

Onlayn ta’lim va repetitorlik

Foto: Sun’iy intellekt

Ingliz tili, matematika, dasturlash, ona tili va majburiy fanlari bo‘yicha onlayn darslar O‘zbekistonda juda talabgir. Ayniqsa maktab o‘quvchilari va abituriyentlar uchun repetitorlik xizmatlari keng tarqalgan. Karantindan keyin onlayn ta’lim juda rivojlandi. Ko‘plab o‘qituvchilar uyidan turib Zoom yoki Telegram orqali dars bermoqda. Masofa tanlamaydi, yo‘lga ortiqcha vaqt, pul talab qilinmaydi. O‘zbekistonning chekka hududlarida yashovchi o‘quvchilar ham yaxshi o‘qituvchidan sifatli ta’limni onlayn olishlari mumkin bo‘ladi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Boshlash uchun bilim va barqaror internet bo‘lishi shart. Dars sifatini oshirish va o‘quvchilar natijasini ko‘rsatish obro‘ni mustahkamlaydi. Onlayn ta’lim va repetitorlik bilan shug‘ullanish uchun kompyuter yoki telefon, barqaror internet, Zoom yoki Telegram platformasi, dars materiallari, o‘qitish rejasi va onlayn to‘lov qabul qilish tizimi talab etiladi. Ushbu kasb egalari tajribasidan kelib chiqib, oyiga o‘rtacha 10 mlndan 40 mlngacha topishi mumkin.

Zargarlik buyumlari yasash

Foto: Sun’iy intellekt

Zargarlik hunarini o‘rganish odatda 3–4 oy davom etadi. Shu vaqt mobaynida tajribali ustozga shogird tushib, asosiy texnikalar, materiallardan foydalanish va oddiy dizaynlarni yaratishni o‘rganish lozim. Boshlang‘ich darajada ishlashni tugatgach, oddiy bilakuzuklar, marjonlar va sirg‘alarni mustaqil ravishda yasash boshlanadi. Murakkab uzuklar va toshli taqinchoqlar esa odatda 6–8 oydan keyin mustaqil yaratiladi. Boshida, ta’mirtalab zargarlik buyumlarini tuzatish orqali ham oz-ozdan tajriba va daromad topish mumkin.

Foto: Sun’iy intellekt

Yosh zargarlar oyiga 3-5 mln so‘mgacha, tajribalilari esa 20–35 mln so‘mgacha daromad olmoqda. Daromadni oshirish uchun bozorga murakkab dizaynlar, ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish va maxsus paketlar (bilakuzuk + marjon kombinatsiyasi) taklif qilish tavsiya etiladi. Hozirgi kunda minimalistik dizaynli bilakuzuk va sirg‘alar, tabiiy toshli marjonlar, noyob dizaynli uzuklar trendda. Shuningdek, xotin-qizlar bayrami, tug‘ilgan kunlar, nikoh marosimlari uchun uzuklarga alohida ishlov berish (harf, ism, sana, belgi chizdirish) xizmatini yo‘lga qo‘yish ham yaxshi daromad keltiradi.

Turistlar yoki interyer uchun suvenirlar yasash

Foto: Sun’iy intellekt

Serdaromad ishlardan yana biri futbolkalarga print tushirish biznesi hisoblanadi. Brend logotiplari, milliy naqshlar, shiorlar yoki shaxsiy dizaynlar tushirilgan futbolkalar ayniqsa yoshlar orasida mashhur. Bu biznes uchun Dastlab termoprinter, press uskuna va sifatli futbolkalar kifoya qiladi. Shuningdek, sport jamoalari, tadbir tashkilotchilari va ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish barqaror mijozlar oqimini ta’minlaydi. Qaynoq chegirmalar va sifatli mahsulot taqdim etish orqali yangidan-yangi hamkorlarni jalb qilish mumkin

Foto: Sun’iy intellekt

Boshlovchilar uchun eng muhim qadam — avvaliga kichik partiyadan boshlash va bozor talabini yaxshilab o‘rganish lozim. Instagram va Telegram orqali tayyor mahsulotlarni namoyish qilish buyurtmalar sonini tez oshiradi. Narxni sifat va buyurtma soniga qarab belgilash raqobatda ustunlik beradi. Bundan tashqari, savdo do‘konlariga ulgurji tarqatish yoki Yandex Market, Uzum Market kabi yirik marketpleyslarda mustaqil sotish mumkin. Uzum Market’da ishlov berilmagan futbolka 20 ming so’mdan 80 ming so‘mgacha turibdi. Unga ishlov berib, 50 ming so’mdan 400 ming so‘mgacha sotish mumkin.

Tarjimonlik va matn yozish xizmatlari

Foto: Sun’iy intellekt

Ingliz, rus, turk, koreys, xitoy yoki arab tillaridan tarjima xizmatlariga O‘zbekistonda talab yuqori. Ayniqsa biznes, viza hujjatlari va ilmiy matnlar tez-tez tarjima qilinadi. Uyda ishlagan holda HH, LinkedIn kabi vakansiya platformalari yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri mijozlar bilan ishlash mumkin. Tarjimonlik bilan birga, blog postlar, SEO matnlar, maqolalar, marketing matnlari va ijtimoiy tarmoqlar postlarini yozish bilan ham shug‘ullanish mumkin. Bu ishlarni bajarish uchun kompyuter, barqaror internet va tegishli dasturlarni bilish kerak.

Foto: SI

Sohada yangi bo‘lgan tarjimonlar oyiga 4-5 mln so‘mdan, tajribalilari esa 20–30 mln so‘mdan boshlab daromad olishadi. Daromadni oshirish uchun maxsus yo‘nalishlarda mutaxassislik (masalan, texnik, tibbiy yoki yuridik tarjima), ko‘proq mijozlarga xizmat ko‘rsatish orqali rezyumeni boyitish va frilanser platformalarda ro‘yxatdan o‘tish tavsiya etiladi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar va professional saytlar orqali mijozlar topish ham daromadni oshirishga yordam beradi.

Shu o‘rinda muhim eslatma: xorijiy tashkilotlardan buyurtma olishdan oldin, ushbu tashkilotning rostdan ham mavjudligi tekshiring, ishonchliligiga ishonch hosil qilgach, buyurtmani qabul qiling. To‘lovlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartalariga emas, bank hisob raqamingizga tushirishlarini talab qiling.

Maishiy texnika yoki shaxsiy buyumlarni ta’mirlash

Foto: Sun’iy intellekt

Uyda maishiy texnika yoki shaxsiy buyumlarni ta’mirlash — bu talab doimiy bo‘lgan va barqaror daromad keltiradigan xizmat turidir. Bunga kir yuvish mashinalari, sovitkichlar, changyutgichlar, dazmollar, elektr choynaklar, shuningdek telefon, noutbuk, soat, fen, quloqchin kabi shaxsiy buyumlarni ta’mirlash kiradi. Ishni boshlash uchun elektr asboblar to‘plami (buragichlar, tester, paykalnik, multimetr), zaxira qismlar, kompressor yoki fen kerak bo‘ladi. O‘rganish uchun odatda 2–3 oy ustoz yonida asosiy ko‘nikmalari shakllanadi. Shundan so‘ng, xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda oddiy ta’mirlash ishlarini mustaqil bajarsa bo‘ladi.

O‘zbekistonda uy sharoitida ishlaydigan ustalar oyiga o‘rtacha 5–6 mln so‘m, tajribali ustalar esa 7–10 mln so‘m va undan yuqori daromad olmoqda. Masalan, kir yuvish mashinasini ta’mirlash 150–400 ming so‘m, sovitkich ta’miri 200–500 ming so‘m, telefon ta’miri 100–300 ming so‘m atrofida baholanadi. Daromadni oshirish uchun xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish, qisqa muddatda ta’mirlash xizmatini yo‘lga qo‘yish, ehtiyot qismlarni o‘zingizdan qo‘yish, shuningdek OLX.uz, Telegram kanallari va mahalliy e’lon platformalarida reklama berish samarali hisoblanadi.

Video montaj va videokontent tayyorlash

Foto: Sun’iy intellekt

Video montaj va videokontent tayyorlash — uyda turib daromad topishning eng talabgir yo‘nalishlaridan biridir. Bu soha vakillari YouTube, TikTok, Instagram, reklama videolari, onlayn kurslar va biznes sahifalar uchun videolar tayyorlab beradi. Ishni boshlash uchun kuchli kompyuter yoki noutbuk, tezkor internet va dasturlar yetarli bo‘ladi. Asosiy videomontaj ko‘nikmalarini o‘rganish odatda 2-3 oy, professional darajaga chiqish esa 6-12 oy vaqt oladi.

Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekistonda boshlang‘ich video montajchilar oyiga 7-8 mln so‘m, tajribali mutaxassislar esa 20-30 mln so‘mdan yuqori daromad olishmoqda. Bitta video montaj narxi o‘rtacha 200–300 ming so‘m, reklama yoki murakkab loyiha videolari esa 2 mln so‘mdan boshlanadi. Daromadni oshirish uchun ijtimoiy tarmoqlar uchun qisqa video formatlar (Reels, Shorts), brendlar bilan ishlash, paket xizmatlar (oylik kontent reja + montaj) taklif qilish va Upwork, Fiverr, Workzone kabi vakansiya platformalarida faol bo‘lish tavsiya etiladi.

Har xil uslubdagi qandillar yasash

Foto: Sun’iy intellekt

Do‘kon egalari xorijdan qandil buyurtma qilganda uzoq kutish, yo‘lda sinib qolish, nosoz chiqishi yoki cheklangan dizayndan ko‘p qiynaladi. Shuning uchun, mahalliy bozorni o‘z mahsulotlari bilan to‘ldiradigan qandil yasovchilarga ehtiyoj katta. Qandillarni yog‘och, metall, shisha, plastik, ip, mato va qayta ishlangan materiallardan yasash mumkin. Minimalistik, klassik, loft, rustika, skandinaviya va milliy bezakli qandillar eng ko‘p talab qilinadigan uslublar hisoblanadi. Ishni boshlash uchun elektr simlari, patronlar, lampochkalar (LED), buragichlar, pichoq, burg‘u, yelim, bo‘yoq va himoya vositalari yetarli bo‘ladi.

Foto: Sun’iy intellekt / Ochiq manbalardagi o‘rtacha narxlar olindi

Odatda 2-3 oyda oddiy modellarni, 5-5 oyda esa murakkab dizaynlarni mustaqil yasash mumkin. O‘zbekistonda qo‘lda yasalgan qandillar bozorda o‘rtacha 500 ming – 1,5 mln so‘mdan boshlab sotiladi, murakkab yoki buyurtma asosida tayyorlangan dizaynlar esa 2–3 mln so‘mgacha baholanmoqda. Uy sharoitida boshlang‘ich ustalar oyiga 7 mln so‘mdan, tajribali ustalar esa 10-15 mln so‘mdan daromad olishmoqda. Daromadni oshirish uchun dizaynni individuallashtirish, interyer dizaynerlari bilan hamkorlik qilish, Instagram va Telegram orqali katalog yuritish, shuningdek OLX.uz, Uzum Market, Yandex Market kabi marketpleyslarda savdo qilish tavsiya etiladi.

Arxitektura va interyer dizayni

Foto: Sun’iy intellekt

Arxitektura va interyer dizayni — uyda yoki masofadan turib professional xizmat ko‘rsatish mumkin bo‘lgan yuqori daromadli soha hisoblanadi. Bu yo‘nalishda xonadonlar, ofislar, savdo nuqtalari va jamoat binolari uchun loyiha chizmalarini tayyorlash, 3D vizualizatsiya yaratish, rang va material tanlash, mebel dizayni, joylashuvini rejalashtirish xizmatlari ko‘rsatiladi. Ishni boshlash uchun kuchli kompyuter, tezkor internet va bir qator dasturlar kerak bo‘ladi. Boshlang‘ich darajada ishlashni o‘rganish odatda 6 oygacha, professional darajaga chiqish esa 1 yil yoki undan ko‘proq vaqtni olishi mumkin.

Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekistonda interyer dizaynerlarining o‘rtacha loyihaviy daromadi bir loyiha uchun 2–6 mln so‘m, murakkab yoki to‘liq paketli loyihalar esa 8–15 mln so‘m va undan yuqori baholanadi. Oyiga boshlang‘ich dizaynerlar 6-8 mln so‘m, tajribalilari esa 20-30 mln so‘m va undan ortiq daromad olishmoqda. Daromadni oshirish uchun 3D vizualizatsiya xizmatlarini kengaytirish, qurilish firmalari va mebel ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilish, ijtimoiy tarmoqlarda portfolio yuritish va faol reklama qilib borish tavsiya etiladi.

Charm so‘mka, hamyon yoki boshqa buyumlar yasash

Foto: Sun’iy intellekt

Charm so‘mka, hamyon yoki boshqa shaxsiy buyumlarni yasash hozirgi kundagi serdaromad va uyda qilish mumkin bo‘lgan hunarlardan biridir. Ishni boshlash uchun asosiy materiallar sifatida charm teri (tabiiy yoki sun’iy), mato qoplamalar, ip, metall zargarlik elementlari (tugmalar, fermuarlar, karabinlar) va boshqa ehtiyot qismlar zarur. Ish asboblari qatoriga qaychi, igna, ip, burg‘u, chizish uchun belgilar va markalash vositalari, shuningdek, laminator yoki press moslamalari kiradi. Oddiy buyumlarni yasashni o‘rganish odatda 2 oygacha, murakkab dizaynlar va kombinatsiyalarni mustaqil yaratish esa 4 oygacha vaqtni oladi.

Foto: Sun’iy intellekt / Rasmdagi narxlar Instagramdagi onlayn do‘kondagi narxlar bilan solishtirildi

O‘zbekistonda qo‘lda tayyorlangan charm buyumlar bozorda talab yuqori. Masalan, oddiy charm hamyon 150–300 ming so‘m, kichik so‘mka yoki klach 250–500 ming so‘m, murakkab dizaynli sumkalar esa 700 ming – 1,5 mln so‘m narxda sotiladi. Boshlang‘ich hunarmandlar oyiga 4 mln so‘mdan, tajribali ustalar esa 15 mln so‘mdan yuqori daromad olishi mumkin. Daromadni oshirish uchun, har doimgidek buyumlarni individual buyurtma asosida tayyorlash, dizaynni zamonaviy trendga moslashtirish, Instagram va Telegram orqali reklama qilish, do‘konlar bilan hamkorliklar hamda onlayn sotuvni yo‘lga qo‘yish tavsiya etiladi.

Eshik va devorlar uchun dizaynlashtirilgan oynalar yasash

Foto: Sun’iy intellekt

Uy sharoitida eshik va devorlar uchun dizaynlashtirilgan oynalar yasash — bu kreativ insonlar uchun ayni daromad manbayidir. Bunday ish odatda interyer dekor elementlari, shisha panellar, oyna ramkalari, rang-barang vitrajlar va bezakli aksessuarlarni yaratishdan iborat bo‘ladi. Ishni boshlash uchun shisha yoki akril panellar, yog‘och yoki metall ramkalar, rangli bo‘yoqlar, vitraj rangli plyonkalar, yelim va himoya qatlamlari kabi materiallar kerak bo‘ladi. Asboblar sifatida pichoq, shisha kesish moslamalari, silliqlovchi material, burama asboblar, o‘lchov asboblari va himoya vositalari (ko‘zoynak, qo‘lqop) kerak bo‘ladi. Oddiy dekorli oynalarni yasashni o‘rganish odatda 1–2 oy, murakkab vitrajli yoki kombinatsiyali dizaynlarni mustaqil yaratish esa 3–4 oy vaqt davom etadi.

Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekistonda bunday mahsulotlar bozorda talab yuqori bo‘lib, oddiy dizaynli eshik yoki devor oynalari 300–600 ming so‘m, murakkab vitraj yoki kombinatsiyali panellar esa 1–2 mln so‘m narxda sotiladi. Boshlang‘ich hunarmandlar oyiga 5-7 mln so‘m, tajribali ustalar esa 20-25 mln so‘m daromad olishlari mumkin. Daromadni oshirish uchun individual buyurtmalar qabul qilish, interyer dizaynerlari bilan hamkorlik qilish, ijtimoiy tarmoqlarda portfolio yuritish va mahalliy marketpleyslarda faol reklama qilish tavsiya etiladi.

Foto: Sun’iy intellekt

Ma’lumot uchun, mazkur faoliyat turlari uy sharoitida amalga oshirilgan taqdirda ham, ularni bajarish uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli ruxsatnoma yoki litsenziya olinishi shart. Shuningdek, olingan daromadlar bo‘yicha belgilangan tartibda va muddatlarda soliqlar to‘lanishi majburiy hisoblanadi.

Litsenziya — bu ma’lum bir faoliyat turini amalga oshirish uchun beriladigan maxsus ruxsatnoma hujjati, litsenziyalash esa O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ushbu ruxsatnomani olish, yangilash yoki bekor qilish jarayonini bildiradi. Quyidagi havolada O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq qaysi faoliyat turlari litsenziyalanishi kerakligini bilib olishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq daromadning deyarli yarmini «yeb qo‘yadigan» yetti mayda xarajatlar haqida maqola yozgan edik.

Shuningdek