
Microsoft kompaniyasi Windows va macOS uchun Excel dasturining desktop versiyalarida to‘liq avtonom ishlovchi sun’iy intellekt agentini ishga tushirdi.
Yangi agent formulalardagi xatolarni tuzatish, ma’lumotlarni tarkiblashtirish va internet tarmog‘idan dolzarb axborotlarni qidirib topish imkoniyatiga ega. Rejimning o‘ziga xos jihati shundaki, foydalanuvchi vazifadan kelib chiqib turli til modellarini almashtirishi mumkin. Masalan, aniq hisob-kitoblar uchun OpenAI GPT-5.2 modelidan, murakkab mantiqiy topshiriqlar uchun esa Anthropic Claude Opus 4.5 modelidan foydalanish imkoniyati mavjud.




Mazkur funksiya hozirda Microsoft 365 Copilot tijoriy va iste’mol litsenziyalari egalari uchun ochiq deb e’lon qilindi. Biroq, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Buyuk Britaniyada ushbu yangilanish hududiy qonunchilik talablari sababli vaqtincha joriy etilmagan. Ekspertlarning ta’kidlashicha, avtonom agentlarning integratsiyasi ofis dasturlari bilan ishlash samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Microsoft kompyuterlarga SI tugmachasini qo‘shishi haqida xabar bergan edi.