Avto

GM birinchi mild-gibrid Chevy Colorado’ni tayyorlamoqda

Agar loyiha tasdiqlansa, bu Chevy Colorado’ning ilk elektrlashtirilgan versiyasi bo‘ladi
Foto: GM

General Motors Braziliya bozori uchun mild-gibrid (MHEV) kuch qurilmasiga ega Chevy Colorado pikapini ishlab chiqishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu haqda GMAuthority nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, kompaniya Shimoliy Amerika uchun mo‘ljallangan hozirgi avlod Colorado’ni yangi mild-gibrid tizimi bilan Braziliyadagi flagman o‘rta o‘lchamli pikap sifatida taqdim etishi mumkin.

Shuningdek, Braziliya uchun rejalashtirilayotgan Chevy Colorado MHEV GM’ning mahalliy muhandislari tomonidan modernizatsiya qilingan Duramax 2,8 litrli turbodiesel I4 dvigateli hamda yangi mild-gibrid tizimi bilan jihozlanadi. Ushbu kuch qurilmasi 209 ot kuchi va 405 funt-fut (taxminan 550 N·m) aylanish momentini ta’minlaydi.

Agar loyiha tasdiqlansa, bu Chevy Colorado’ning ilk elektrlashtirilgan versiyasi bo‘ladi va shu bilan birga, Chevrolet tarixidagi dunyo miqyosidagi birinchi mild-gibrid o‘rta o‘lchamli pikapga aylanishi mumkin. Hozircha GM’ning o‘rta toifadagi pikaplar qatorida gibrid modellar mavjud emas, biroq Colorado MHEV kompaniyaning Braziliyadagi elektrlashtirish strategiyasiga va modelning mamlakatdagi sinov jarayonlariga mos keladi.

Sh bilan birga, Braziliyaga mo‘ljallangan Colorado MHEV faqat oddiy versiyalar bilan cheklanib qolmay, balki yuqori unumdorlikka ega ZR2 off-road talqinini ham o‘z ichiga olishi mumkin. Shu tariqa Colorado Braziliyada mahalliy ishlab chiqariladigan Chevy S10’ni to‘ldiruvchi, ko‘proq «lifestyle» segmentiga yo‘naltirilgan nish pikap sifatida taklif etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM Chevrolet Bolt ishlab chiqarilishining yakuniy muddati va sabablarini ma’lum qilgani haqida yozgandi.