Avto

GM kompaniyasining daromadi rekord darajaga yetdi

27-yanvar kuni savdolar chog‘ida kompaniya aksiyalari $87,31 darajagacha ko‘tarildi.
GM kompaniyasining daromadi rekord darajaga yetdi
Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

General Motors (GM) kompaniyasining aksiyalari 2025-yilning to‘rtinchi choragi bo‘yicha moliyaviy hisobot e’lon qilinganidan so‘ng tarixiy maksimumga yetdi. Bu haqda GMAutority xabar berdi. 27-yanvar kuni savdolar chog‘ida kompaniya aksiyalari $87,31 darajagacha ko‘tarildi.

Aksiyalar keskin qimmatlashishiga 2025-yil yakunlari bo‘yicha ijobiy moliyaviy natijalar sabab bo‘ldi. Kompaniya aksiyadorlariga tegishli sof foyda $2,7 mlrdni tashkil etdi. EBIT (Foizlar va soliqlargacha bo‘lgan foyda) bo‘yicha tuzatilgan foyda esa $12,7 mlrdga teng bo‘ldi.

To‘rtinchi chorak davrda aksiyadorlarga tegishli sof zarar $3,3 mlrdni tashkil qilgan. Shu bilan birga, EBIT bo‘yicha tuzatilgan foyda $2,8 mlrd darajasida qolgan. GM bunga elektromobil yo‘nalishidagi quvvatlarni qayta tashkil etish va investitsiyalar bilan bog‘liq $7,2 mlrddan ortiq bir martalik xarajatlar sabab bo‘lganini bildirdi.

Foto: GMAutority

Kompaniya elektromobillarga bo‘lgan talabning pasayishi va AQShda iste’molchilar uchun mo‘ljallangan ayrim imtiyozlarning bekor qilinishi fonida 2026-yil prognozlarini ham e’lon qildi. GM 2026-yilda aksiyadorlarga tegishli sof foyda $10,3 mlrddan $11,7 mlrdgacha bo‘lishini kutmoqda. EBIT bo‘yicha tuzatilgan natijalar esa $13 mlrd–$15 mlrd oralig‘ida prognoz qilinmoqda.

Avtomobil operatsion pul oqimi $19 mlrd–$23 mlrd, tuzatilgan erkin pul oqimi esa $9 mlrd–$11 mlrd bo‘lishi kutilmoqda. Kapital xarajatlar $10 mlrd–$12 mlrd atrofida rejalashtirilgan bo‘lib, ularga akkumulyator ishlab chiqarish loyihalari ham kiradi.

GM aksiyadorlar uchun dividendlarni oshirganini ham e’lon qildi. 2026-yilning birinchi choragi uchun choraklik dividend har bir aksiya uchun $0,18 etib belgilandi. Bu avvalgi darajadan $0,03 ga ko‘p. Shuningdek, kompaniya muddatsiz $6 mlrdlik aksiyalarni qayta sotib olish dasturini ishga tushirdi.

Elektromobillar segmentida esa 2025-yilda sezilarli o‘sish qayd etildi.

AQShda uchinchi chorakda GM 66,5 ming dona elektromobil yetkazib berdi. Bu bir yil avvalga nisbatan qariyb 110 foizga ko‘p. Yil boshidan buyon elektromobillar savdosi 144,5 ming donaga yetib, 137 foizdan ortiq o‘sishni ko‘rsatdi. Eng ko‘p sotilgan model Chevrolet Equinox EV bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas haydovchilarida qanday kasalliklar kuzatilishi haqida yozgan edi.