
Jahon bozorida oltin narxi tarixiy rekordni yana bir bor yangiladi. 29-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:39 holatiga oltin narxi bir unsiya uchun $5 561 ni tashkil etdi.
Bu hozirgacha qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bloomberg nashriga ko‘ra, narxlarning bunday tez o‘sishiga AQSh dollarining zaiflashuvi va AQSh Federal zaxira tizimining keyingi rahbari pul-kredit siyosatini yanada yumshatishi mumkinligi haqidagi kutishlar sabab bo‘lmoqda.
Payshanba kuni ertalabki savdolarda oltin narxi 3,2 foizgacha ko‘tarildi. Avvalgi savdo kunida esa narx 4,6 foizga oshgan, bu 2020-yil mart oyidan – COVID-19 pandemiyasi avjiga chiqqan davrdan beri eng katta bir kunlik o‘sish bo‘ldi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, oltin narxining oshishiga geosiyosiy keskinliklar, shuningdek, davlat valyutalari va obligatsiyalaridan investorlarning chiqib ketishi asosiy omil bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilda oltinning «xavfsiz aktiv» sifatida qanchalik samarali bo‘lishi, qayerdan va qaysi davrda sotib olish eng foydali ekani haqida ma’lumot bergandi.