“Lukoyl” xorijdagi aktivlarini sotish bo‘yicha Amerika kompaniyasi bilan kelishuvga erishdi

Rossiyaning neft ishlab chiqaruvchisi «Lukoyl» o‘zining xalqaro aktivlarini AQShning Carlyle investitsiya kompaniyasiga sotish to‘g‘risida kelishuvga erishganini e’lon qildi. Bu haqda neft kompaniyasining matbuot xizmati xabar berdi.
Bitim Qozog‘istondagi aktivlarni o‘z ichiga olmaydi, ular guruhning mulki bo‘lib qoladi va faoliyatini davom ettiradi.
Ushbu kelishuv faqat kompaniyaga tegishli emas va bir nechta shartlarga, jumladan, zarur tartibga soluvchi tasdiqlarni olish, xususan, AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish idorasidan (OFAC) Carlyle bilan bitim tuzish uchun ruxsat olish shartlariga bog‘liq.
«Lukoyl» boshqa potensial xaridorlar bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.
2025-yil 22-oktabrda OFAC «Lukoyl» va uning oltita sho‘ba korxonalariga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Shundan so‘ng, kompaniya o‘zining xorijiy aktivlarini sotish niyatini e’lon qildi.
Reuters agentligining manbalarga tayanib xabar berishicha, Exxon Mobil, Chevron, Carlyle va Saudiya Arabistonining Midad Energy kompaniyalari kabi 10 ga yaqin investor Rossiya kompaniyasining aktivlarini sotib olishga qiziqish bildirgan.
Xususiy Carlyle investitsiya jamg‘armasi $474 milliardlik aktivlarni boshqaradi. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar va aktivlarni boshqarish sohasidagi dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biridir. Unga 1987-yilda Vashingtonda asos solingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC)ga «Lukoyl»ning mamlakatdagi ulushini sotib olish uchun ruxsat so‘rab rasmiy xat yuborgandi.