
Bugun telefon oddiy aloqa vositasi emas. U — ish quroli, kamera, hujjat saqlagich, bank hamyoni va hatto shaxsiy kundalik vazifasini bajarayotgan texnika. Shunga qaramay, ko‘pchilik odamlar telefonini atigi bir-ikki yil ichida yaroqsiz holga keltirib qo‘yadi. Kimdadir batareya tez o‘lib qoladi, kimdadir ekran sinadi, boshqalarda esa telefon sekinlashib, qotib ishlay boshlaydi. Eng qizig‘i, bularning aksariyati ishlab chiqaruvchi aybi emas, balki foydalanuvchining o‘zi bilmasdan qilayotgan xatolari bilan bog‘liq.
Kursiv Uzbekistan ushbu maqolada smartfonlarning tez ishdan chiqish sabablarini sanab o‘tadi.
- Asosiy sabablar nimada
- Eng katta xato
- Telefonni nima qaritadi
- Sekinlashishning yashirin sababi
- Ko‘zga ko‘rinmas dushman
- Dasturiy yangilanishlarni e’tiborsiz qoldirish
Telefonning tez buzilishiga olib keladigan asosiy sabablar nimada
Ko‘pchilik telefonni sotib olgach, undan qanday foydalanish kerakligi haqida umuman o‘ylamaydi. «Yangi-ku, ishlayveradi», degan fikr bilan oddiy qoidalarga ham amal qilinmaydi. Aslida esa zamonaviy smartfonlar juda nozik texnika bo‘lib, noto‘g‘ri muomala ularning xizmat muddatini keskin qisqartiradi.

Eng keng tarqalgan xatolardan biri — telefonni noto‘g‘ri zaryadlashdir. Ko‘p odamlar telefonini tun bo‘yi zaryadda qoldiradi yoki batareya butunlay 0 foizga tushguncha ishlatadi. Masalan, bir foydalanuvchi har kecha telefonini yostiq yonida zaryadga qo‘yib uxlaydi. Natijada qurilma qiziydi, batareya ichki tuzilmasi tez eskiradi va bir yil o‘tmasdan quvvat tez tugaydigan bo‘lib qoladi. Mutaxassislar esa batareyani 20–80 foiz oralig‘ida ushlab turish eng maqbul ekanini ta’kidlaydi.

Yana bir katta muammo — arzon va sifatsiz zaryadlovchi qurilmalardan foydalanish. Bozorlarda originaldan bir necha barobar arzon sotiladigan adapter va kabellar qisqa muddatda pulni tejagandek ko‘rinsa-da, uzoq muddatda telefonni jiddiy shikastlaydi. Kuchlanishning notekis berilishi nafaqat batareyani, balki telefonning asosiy platasi — anakartni ham ishdan chiqarishi mumkin.
G‘ilofsiz va himoyasiz telefon — eng katta xato

Ko‘pchilik «telefon chiroyli ko‘rinsin» deb g‘ilof taqmaydi yoki ekran himoya oynasini ortiqcha deb hisoblaydi. Ammo kundalik hayotda telefon yuzlab marta qo‘ldan tushishi, stolga urilishi yoki cho‘ntakda kalit bilan ishqalangan bo‘lishi mumkin. Masalan, avtobusda ketayotib telefon qo‘ldan tushib ketishi bir soniyalik holat, ammo natijasi minglab so‘mlik ta’mirlash bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Hatto kichik yoriqlar ham vaqt o‘tib kattalashadi. Ekrandagi mayda darz suv, chang va namlik uchun ochiq eshik bo‘lib xizmat qiladi. Natijada sensor ishlamay qolishi yoki ekran butunlay qorayib ketishi mumkin.
Telefonni haddan tashqari qiynash ham uni qaritadi

Zamonaviy o‘yinlar, og‘ir grafik dasturlar va bir vaqtning o‘zida o‘nlab ilovalarni ochib ishlatish telefon uchun jiddiy yuk hisoblanadi. Ayniqsa, o‘rta yoki arzon segmentdagi smartfonlar bunday bosimga mo‘ljallanmagan bo‘ladi. Ko‘pchilik foydalanuvchilar telefon qizib ketayotganini sezsa ham, ishlatishda davom etadi.
Masalan, yozning issiq kunida quyosh ostida o‘yin o‘ynash yoki video montaj qilish telefon protsessorining qizib ketishiga olib keladi. Bu esa vaqt o‘tib chiplarning tez eskirishiga, telefonning doimiy sekinlashishiga sabab bo‘ladi.
Xotira to‘lib ketishi — sekinlashishning yashirin sababi
Ko‘p o‘qiladigan, ammo kam e’tibor beriladigan muammo — ichki xotiraning to‘lib ketishi. Telefon xotirasi 90–95 foiz to‘lib qolsa, tizim normal ishlay olmaydi. Natijada ilovalar sekin ochiladi, kamera qotadi, ba’zan telefon o‘z-o‘zidan qayta yuklanadi.

Ko‘pchilik foydalanuvchilar keraksiz ilovalarni o‘chirmaydi, kesh fayllarni tozalamaydi va bir necha yillik rasmlar hamon telefon ichida saqlanadi. Aslida esa oddiy tozalash va fayllarni bulutga yoki fleshka ko‘chirish orqali telefonni ancha «yengillashtirish» mumkin.
Namlik va chang — ko‘zga ko‘rinmas dushman

«Telefon suvga tushmadi-ku», degan gap hamisha ham uni himoya qilmaydi. Hammomda telefon ishlatish, yomg‘irda cho‘ntakda olib yurish yoki nam qo‘l bilan ekran bosish ichki namlik yig‘ilishiga sabab bo‘ladi. Bu esa vaqt o‘tib kontaktlarning zanglashiga olib keladi.

Chang ham xuddi shunday xavfli. Ayniqsa, qurilishda, sexlarda yoki ochiq maydonlarda ishlaydiganlar telefonini muntazam tozalab turmasa, karnay va zaryad portlari ishdan chiqishi mumkin.
Dasturiy yangilanishlarni e’tiborsiz qoldirish

Ba’zi foydalanuvchilar yangilanishlarni «xotirani to‘ldiradi» deb o‘chirmaydi. Aslida esa rasmiy yangilanishlar xavfsizlikni oshiradi, xatolarni tuzatadi va telefonning barqaror ishlashini ta’minlaydi. Yangilanmagan tizim viruslar va zararli ilovalar uchun ochiq bo‘lib qoladi.
Ko‘pchilik telefonini tez buzib qo‘yayotganining sababi texnik nosozlik emas, balki oddiy ehtiyotsizlikdir. To‘g‘ri zaryadlash, sifatli aksessuarlardan foydalanish, xotirani nazorat qilish va telefonni tashqi ta’sirlardan himoyalash orqali hatto oddiy smartfon ham 4–5 yil muammosiz xizmat qilishi mumkin.
Agar telefoningiz bugun sekinlashayotgan bo‘lsa, ehtimol u eskirgani uchun emas, balki siz undan noto‘g‘ri foydalanayotganingiz uchundir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yil boshida test qilingan arzon smartfonlar haqida yozgandi.