Yangiliklar

O‘zbekistonda 2025-yilda 15,9 mln kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi

Uy-joy qurilishi hajmi 2024-yilga nisbatan 2,8 foizga o‘sdi
Foto: Milliy statistika qo‘mitasi

O‘zbekistonda 2025-yil davomida jami 15,9 mln kvadrat metr turar-joy binolari foydalanishga topshirildi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,8 foizga oshgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent viloyatida qayd etildi — 2 mln kvadrat metr. Keyingi o‘rinlarni Xorazm (1,7 mln kv.m) va Farg‘ona (1,6 mln kv.m) viloyatlari egallagan. Poytaxt Toshkent shahrida esa foydalanishga topshirilgan uy-joylar maydoni 1 mln kvadrat metrni tashkil etdi.

Qurilish hajmi bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlar Sirdaryo (136,1 ming kv.m) va Samarqand (436,5 ming kv.m) viloyatlarida kuzatilgan. Buxoro va Namangan viloyatlarida esa ko‘rsatkichlar mos ravishda 1,5 mln kvadrat metrga yetgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu raqam 841,5 ming kvadrat metrni tashkil qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori qanday o‘zgargani haqida xabar bergan edi.