O‘zbekistonda autodonorlik tartibi belgilandi

O‘zbekistonda donor qoni va uning tarkibiy qismlarini zarurat tug‘ilganda donorning o‘ziga ishlatishni nazarda tutuvchi autodonorlik tartibi rasman belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizomga ko‘ra, autodonorlik bir qator holatlarda qo‘llaniladi. Jumladan, donor uchun allogen qon, ya’ni begona qon quyish imkoniyati bo‘lmaganida, donorning qon guruhi kam uchraydigan bo‘lsa yoki donor yoxud uning qonuniy vakili begona qon quyishni rad etsa, autodonorlikka murojaat qilinadi.
Autodonorlik donorning jarrohlik amaliyoti rejalashtirilayotgan tibbiyot muassasasida donor yoki uning qonuniy vakilining yozma roziligi asosida bepul amalga oshiriladi. Jarayondan oldin donorning qoni majburiy laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkaziladi.
Mazkur tartib jarrohlik amaliyotidan oldin, ya’ni ko‘pi bilan 30 kun avval, operatsiyaga tayyorgarlik jarayonida 1-2 soat oldin yoki jarrohlik amaliyoti davomida amalga oshirilishi mumkin. So‘nggi holatda donor yoki uning qonuniy vakilining yozma roziligi oldindan olinishi shart.
Shu bilan birga, donor organizmida OIV (OITS) infeksiyasi, B yoki C gepatiti viruslari markerlari, zaxm kasalligi aniqlansa yoki gematokrit ko‘rsatkichi 25 foizdan past bo‘lsa, autodonorlikka yo‘l qo‘yilmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026 – 2030-yillarda qon bilan ishlash tizimini rivojlantirishga 1,75 trln so‘m yo‘naltirilishi haqida yozgandi.