Avto

O‘zbekistonda mashina «probegi»ni soxtalashtirganlik uchun javobgarlik joriy etilishi kutilmoqda

Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat ko‘rib chiqishiga yuborildi
Mashina «probegi»ni soxtalashtirganlik uchun javobgarlik / Foto: Autonews.ru

O‘zbekistonda avtotransport vositalarining odometr ko‘rsatkichlarini soxtalashtirish bilan bog‘liq holatlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat ko‘rib chiqishiga yuborildi.

27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi. Hujjat bilan kodeksga bir qator muhim yangiliklar kiritilmoqda.

Xususan, avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoki odometr almashtirilganini bila turib, avtomobil sotilishidan oldin xaridorga bu haqda ma’lumot bermaslik uchun javobgarlik choralari joriy etilmoqda. Bu norma ikkilamchi avtomobil bozorida xaridorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

Qonun loyihasida voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqishda pedagog yoki psixologning majburiy ishtiroki ham nazarda tutilgan. Bunday mutaxassislar ishtirokini ta’minlash ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli organlar zimmasiga yuklanadi.

Shuningdek, ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs, jabrlanuvchi, advokat yoki qonuniy vakilga sudya yoki mansabdor shaxs ishtirokini rad etish huquqi berilishi belgilanmoqda. Ma’muriy ish yuritishda ishtirok etishga monelik qiladigan holatlar ham aniq tartibga solinadi.

Loyihaga ko‘ra, maxsus huquqdan mahrum qilish jazosi 1,5 yilgacha bo‘lgan hollarda uning muddatini qisqartirish bo‘yicha iltimosnoma jazoning yarmi o‘tgach berilishi mumkin. Agar jazo 1,5 yildan 3 yilgacha belgilangan bo‘lsa, iltimosnoma jazo muddatining uchdan ikki qismi o‘tgach taqdim etiladi. Shu bilan birga, bunday yengilliklar qo‘llanilmaydigan shaxslar toifasi ham alohida belgilanmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ushbu qonun loyihasi ko‘rib chiqilgani haqida yozgandi.