«Probeg»ni soxtalashtirganlik uchun javobgarlik, MrBeastga o‘zbekzabon koordinator kerak, germaniyaliklar davlat qarzi uchun xayriya yig’di — 29-yanvar kungi yangiliklar dayjesti


O‘zbekistonda ajrimlar soni o‘tgan yilda 37 mingdan oshdi
2025-yilda O‘zbekistonda nikohdan ajrashish bilan bog‘liq 70,5 ming ta ish ko‘rib chiqilgan. Shundan 37,5 mingtasi bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilib, shu miqdordagi oilalar rasman ajrashgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lumotlari e’lon qilindi.
O‘zbekistonda autodonorlik tartibi belgilandi
O‘zbekistonda donor qoni va uning tarkibiy qismlarini zarurat tug‘ilganda donorning o‘ziga ishlatishni nazarda tutuvchi autodonorlik tartibi rasman belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

O‘zbekistonda mashina «probegi»ni soxtalashtirganlik uchun javobgarlik joriy etilishi kutilmoqda
O‘zbekistonda avtotransport vositalarining odometr ko‘rsatkichlarini soxtalashtirish bilan bog‘liq holatlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat ko‘rib chiqishiga yuborildi.

Germaniya fuqarolari davlat qarzini uzish uchun 147 ming dollar mablag‘ yig‘di
Germaniya fuqarolari 2025-yilda mamlakat davlat qarzini to‘lash uchun ixtiyoriy ravishda 123 ming yevro ($147 ming) xayriya qildi. Bu haqda DW nashri xabar bermoqda.

«Yangi bank» omonatchilari uchun kompensatsiya to‘lovlari boshlandi
Biznesni rivojlantirish banki orqali kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari jarayoni boshlandi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi xabar berdi.

Chet tili birinchi fan bo‘lgan yo‘nalishlarga B1 daraja ham imtiyoz beradi
Hukumat qarori bilan fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish xorijiy tilni bilish bo‘yicha kamida B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikat asosida amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

MrBeast o‘zbek tili bo‘yicha koordinator qidirmoqda
Dunyoning mashhur YouTube blogeri MrBeast (Jimmy Donaldson) LinkedIn tarmog‘ida Language Coordinator – Uzbek lavozimiga vakansiya ochdi. Tanlangan mutaxassis kontentni o‘zbek tiliga o‘girish, dublyaj va subtitrlash jarayonlarini muvofiqlashtirishi lozim.

Toshkentdan Venaga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin
O‘zbekiston Transport vazirligi Avstriya tomoni bilan Toshkent va Vena o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviatsiya qatnovini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.