Samsung dunyodagi eng yirik xotira ishlab chiqaruvchisiga aylandi

Samsung Electronics 2025-moliyaviy yilining to‘rtinchi choragi yakunlari bo‘yicha hisobot taqdim etdi. Unda kompaniya xotira chiplarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchiga aylangani tasdiqlandi.
Hisobotga ko‘ra, chorak davomida Samsung’ning umumiy daromadi $65,45 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga oshdi. Operatsion foyda esa $14,1 mlrdga yetib, bir yil ichida uch baravar ko‘paydi.
Eng katta o‘sish yarimo‘tkazgichlar bo‘linmasida qayd etildi. Ushbu yo‘nalishdagi tushum 46 foizga oshib, $30,74 mlrdga yetdi. Operatsion foyda esa 5,6 baravar ko‘payib, $11,46 mlrdni tashkil qildi.
Xotira chiplariga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq savdo hajmi $25,93 mlrdni tashkil etib, bu ko‘rsatkich bir yil avvalgi darajadan 62 foizga yuqori bo‘ldi. Shu bilan birga, mobil qurilmalar savdosidan tushgan daromad $19,78 mlrd bilan cheklanib, o‘sish sur’ati 13 foizni tashkil etdi. Bu bo‘linmaning foydasi esa 9,5 foizga kamaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM kompaniyasining daromadi rekord darajaga yetgani haqida yozgandi.