Sport

Tata Steel-2026: Abdusattorov peshqadamlikni saqlab qoldi, Sindarov ta’qibni davom ettirmoqda

Foto: ChessBase

Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida davom etayotgan nufuzli Tata Steel Chess 2026 superturnirining 10-turida O‘zbekiston vakillari Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov o‘z partiyalarini durang bilan yakunladilar.

29-yanvar kungi bahslardan so‘ng, Abdusattorov 6,5 ochko bilan musobaqa jadvalida yakka peshqadamlik qilmoqda. Javohir Sindorov esa peshqadamdan yarim ochko ortda qolgan holda, 6 ochko bilan ikkinchi o‘rinni band etgan.

Turnir yetakchisi Nodirbek Abdusattorov 10-turda Sloveniya vakili Vladimir Fedoseyevga qarshi oq donalarda harakat qildi. Tomonlar o‘rtasidagi keskin strategik kurash teng natija bilan yakunlandi. Ushbu durang Nodirbekka o‘zining eng yaqin ta’qibchilaridan masofani saqlab qolish va turnir jadvalining eng yuqori pog‘onasidagi o‘rnini mustahkamlash imkonini berdi.

Foto: tatasteelchess.com

Yana bir o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov mezbonlar vakili Yorden van Forest bilan hisob-kitob qildi. Mazkur uchrashuvda ham tomonlar murosa yo‘lini tanlashdi. Natijada Sindorov o‘z ochkolarini 6 taga yetkazib, turnir g‘olibligi uchun kurashayotgan asosiy da’vogarlar qatoridagi o‘rnini saqlab qoldi.

Amaldagi Jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju ushbu turda yosh iqtidor sohibi Yagiz Kaan Erdogmush ustidan g‘alaba qozondi va o‘z ochkolarini 5 taga yetkazib oldi, biroq u hamon peshqadamlardan sezilarli darajada ortda qolmoqda. Tata Steel Chess Masters musobaqasi yakunlanishiga endilikda atigi 3 ta tur qoldi, bu esa har bir partiyaning ahamiyatini keskin oshiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tata Steel Chess–2026 musobaqasida Abdusattorov va Sindorov o‘zaro bahsda durang o‘ynagani haqida xabar bergan edi.