Tesla Model S va Model X ishlab chiqarilishi to‘xtatiladi

29-yanvar 2026 09:10 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Tesla Model S va Model X ishlab chiqarilishi to‘xtatiladi
Foto: Tesla

Tesla rahbari Ilon Mask Tesla Model S va Model X modellari ishlab chiqarilishi yakunlanishini rasman e’lon qildi. Bu haqda u 28-yanvar kuni kompaniyaning choraklik moliyaviy hisobotini muhokama qilish jarayonida ma’lum qildi.

Maskning aytishicha, Model S va Model X’ning so‘nggi partiyasi kelgusi chorakda ishlab chiqariladi. Shundan so‘ng ushbu loyihalar butunlay yopiladi. U qarorni Tesla’ning kelajak strategiyasi bilan izohladi. Kompaniya diqqat markazini to‘liq avtonom boshqaruv va yangi texnologiyalarga qaratmoqda, dedi Mask.

Ishlab chiqarish to‘xtatilishi ortidan Kaliforniyadagi Fremont zavodi keskin qayta profillanadi. Korxona quvvatlari Tesla’ning odamga o‘xshash roboti – Optimus’ni ommaviy ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

Foto: Axios

Eslatib o‘tamiz, Model S 2012-yilda taqdim etilib, keng jamoatchilikka mo‘ljallangan ilk ommaviy elektrokar sifatida e’tirof etilgan edi. Model X esa 2015-yilda bozorga chiqqan. So‘nggi yillarda ushbu modellar savdosi raqobat kuchaygani sabab sekinlashdi. Tesla’ga Lucid, Rivian va Xitoyning premium brendlari jiddiy bosim o‘tkaza boshlagan.

Model S va Model X’ning oxirgi nusxalarini xarid qilmoqchi bo‘lganlarga Ilon Mask buyurtmalarni imkon qadar tezroq rasmiylashtirishni tavsiya qildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Janubiy Koreyada arzon Tesla Model 3 sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek