
Toyota Tacoma modeli ketma-ket ikkinchi yil Texas Avtomobil Jurnalistlari Assotsiatsiyasi (TAWA) tomonidan «Truck of Texas» mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Tarantas news nashri xabar berdi.
To‘rtinchi avlod Toyota Tacoma o‘tgan yili tarixga kirib, «Truck of Texas» unvonini qo‘lga kiritgan ilk o‘rta o‘lchamli pikap bo‘lgandi. Joriy yilda esa model o‘z natijasini takrorlab, yana eng yaxshi deb topildi.
Tacoma’ning to‘rtinchi avlodi 2023-yil bahorida taqdim etilgan bo‘lib, u ikkita yangi kuch qurilmasiga ega. Ular orasida i-FORCE MAX gibrid tizimi ham bor. Ushbu tizimning umumiy quvvati 326 ot kuchiga, aylanish momenti esa 630 N·m ga yetadi. Bu ko‘rsatkich avvalgi avloddagi V6 dvigatelli versiyaga nisbatan qariyb 75 foizga yuqori.
Model 11 xil modifikatsiyada taklif etiladi va turli ehtiyojlarga moslashtirilgan. Baja poygalaridan ilhomlangan TRD Pro versiyasi o‘z segmentida ilk bor IsoDynamic Performance o‘rindig‘i bilan jihozlangan bo‘lib, bu yo‘ldan tashqarida boshqaruv va qulaylikni oshiradi. Trailhunter talqini esa off-road uchun maxsus yaratilgan bo‘lib, ARB, Old Man Emu va RIGID kompaniyalarining zamonaviy integratsiyalashgan jihozlari bilan ta’minlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan FAW Toyota va GAC Toyota Xitoyda 16 ming avtomobilni qaytarib olishi haqida yozgandi.