
Xiaomi o‘zining flagman elektromobili Xiaomi SU7 Ultra modelini mashhur avtosimulyator o‘yiniga olib kirmoqda. Kompaniya ma’lum qilishicha, Gran Turismo 7 tarixida ilk bor Xitoy avtomobili rasman taqdim etiladi.
Xiaomi SU7 Ultra o‘yinda 29-yanvar kuni Pekin vaqti bilan soat 14:00 dan boshlab foydalanish uchun ochiladi. Bu vaqt UTC bo‘yicha 06:00 ga to‘g‘ri keladi. Shu tariqa SU7 Ultra Gran Turismo 7’dagi birinchi Xitoy brendi avtomobiliga aylanadi.
Gran Turismo 7’ni Polyphony Digital studiyasi PlayStation platformalari uchun ishlab chiqqan. O‘yin dunyoning eng realistik poyga simulyatorlaridan biri hisoblanadi va unda 500 dan ortiq avtomobil modellari mavjud. Bungacha loyiha faqat Nissan, Porsche, BMW va Mercedes-AMG kabi global brendlarga joy bergan edi.

SU7 Ultra’ning qo‘shilishi Xiaomi uchun muhim voqea sanaladi. Kompaniya avtomobil bozoriga yaqinda kirib kelganiga qaramay, SU7 Ultra qisqa vaqt ichida Xitoy elektromobil sanoatining texnologik vitrinasiga aylandi.
Mazkur yangilik 2025-yil iyun oyida e’lon qilingan Polyphony Digital va Xiaomi o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvi davomi hisoblanadi. Ushbu loyiha Xitoy avtomobil brendlarining global miqyosda tan olinayotganini ko‘rsatadi.
Xiaomi SU7 Ultra texnik ko‘rsatkichlari bilan ham e’tiborni tortmoqda. Ko‘p motorli elektr uzatma tizimiga ega model 0 dan 100 km/soat tezlikka 2 soniyadan kam vaqtda chiqadi. Endi bu imkoniyatlarni butun dunyo geymerlari virtual muhitda sinab ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
Mutaxassislar fikricha, SU7 Ultra’ning Gran Turismo 7’da paydo bo‘lishi boshqa xitoylik ishlab chiqaruvchilar uchun ham yo‘l ochishi mumkin. Avvalroq BYD’ning premium brendi Yangwang o‘zining U9 Xtreme modeli ham yaqin vaqtlarda Gran Turismo 7’ga qo‘shilishini e’lon qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi SU7 Xitoyda ilk bor Tesla Model 3’ni ortda qoldirgani haqida yozgan edi.