Gadjetlar

300 dollarlik hamyonbop Realme P4 Power 5-fevraldan sotuvga chiqadi

Hindistonda
Foto: Realme

Realme Hindiston bozorida yangi P4 Power smartfonini namoyish qildi. Bu haqda Rozetked nashri xabar berdi.

Qurilmaning asosiy ustunligi — rekord darajadagi avtonomlik: u Hindiston uchun 10 000 mA/soatdan ortiq akkumulyatorga ega ilk smartfon bo‘ldi. Model orqa qopqog‘ining noodatiy dizayni bilan ham ajralib turadi.

Texnik xususiyatlar

Smartfon 162,3 × 76,2 × 9,1 mm o‘lchamlarga ega bo‘lib, og‘irligi 219 gramm. Old panelda 6,8 dyuymli AMOLED displey joylashgan: 2800 × 1280 piksel aniqlik, 144 Gts yangilanish chastotasi va 6500 nitgacha yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Ekran Gorilla Glass 7i bilan himoyalangan.

Qurilma MediaTek Dimensity 7400 Ultra sakkiz yadroli protsessori (Mali-G615 grafik yadrosi) asosida ishlaydi. Xotira konfiguratsiyalari 8 yoki 12 GB LPDDR4X tezkor xotira hamda 128 yoki 256 GB UFS 3.1 doimiy xotirani o‘z ichiga oladi.

Asosiy kamera bloki 50 MP (f/1.8, OIS) sensor va 8 MP (112°) keng burchakli moduldan iborat. Old kamera — 16 MP.

Avtonomlik va zaryadlash

Eng katta yangilik — 10 001 mA/soat sig‘imli batareya. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, to‘liq zaryad:

  • 32,5 soat video tomosha qilish,
  • 21,4 soat navigatsiya,
  • Super Power Saving Mode rejimida esa 5% zaryad bilan 3,6 soat qo‘ng‘iroqni ta’minlaydi.

Realme ta’kidlashicha, uch yildan so‘ng ham akkumulyator sig‘imi 94% dan pastga tushmaydi. 80 Vt tezkor zaryadlash 0 dan 50% gacha 36 daqiqada to‘ldiradi. Smartfon boshqa qurilmalarni sim orqali 27 Vt gacha quvvat bilan zaryadlay oladi, shuningdek, og‘ir yuklama paytida bypass-zaryadlash rejimi mavjud.

Boshqa imkoniyatlar

Realme P4 Power Android 16 va realme UI 7.0 bilan ishlaydi. Qurilma IP66/68/69 standartlari bo‘yicha himoyalangan. Ulanish imkoniyatlari orasida USB-C, Wi-Fi 5, Bluetooth 5.4 (LDAC, aptX, aptX HD, LHDC 5.0), 5G va Dual SIM bor. Ishlab chiqaruvchi uchta yirik Android yangilanishi va to‘rt yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini va’da qilmoqda.

Narx va sotuvlar

8/128 GB xotirali versiya tahminan $300 etib belgilangan. Smartfon 5-fevraldan Hindistonda sotuvga chiqadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Realme Neo 8 yarim shaffof ko‘rinishda taqdim etilgani haqida yozgandi.