
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasiga ko‘ra, 2026-yilda ipoteka kreditlari hajmini oshirish rejalashtirilmoqda. Hujjat hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Dastur doirasida jami 23 trln so‘m ipoteka kreditlari ajratiladi. Shundan 12,2 trln so‘m Davlat budjeti hisobidan, 7,8 trln so‘m tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan, 3 trln so‘m esa O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tomonidan yo‘naltiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, bitta kvartira uchun beriladigan ipoteka krediti miqdori Toshkent shahrida 480 mln so‘mgacha, hududlarda esa 380 mln so‘mgacha yetkaziladi. Bundan tashqari, ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badal va foiz xarajatlarini qoplash uchun 2,7 trln so‘m subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Dastur ijrosi 2026-yil 1-martdan boshlanib, yil davomida amalga oshiriladi. Jarayonda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi, Markaziy bank, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi hamda tijorat banklari ishtirok etadi.
Yil yakuniga qadar ipoteka kreditlari hisobiga 73 mingdan ortiq oila uy-joylar bilan ta’minlanishi, shuningdek, 30 ming nafar fuqaroga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2025-yilda 15,9 mln kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi. Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent viloyatida qayd etildi – 2 mln kvadrat metr. Keyingi o‘rinlarni Xorazm (1,7 mln kv.m) va Farg‘ona (1,6 mln kv.m) viloyatlari egallagan.