Avto

Atom elektromobili Chevrolet Traverse narxida chiqishi kutilmoqda

Yakuniy narx 2025-yil fevral oyida e’lon qilinadi
«Atom» elektromobili Chevrolet Traverse narxida chiqishi kutilmoqda
Foto: Atom

Rossiyada yangi Atom elektromobili taqdim etildi. Avtomobil endi Moskvich zavodida seriyali ishlab chiqariladi va bahor oylarida sotuvga chiqishi kutilmoqda.

«Кama» kompaniyasi rahbariyatining ma’lum qilishicha, Atom narxi Xitoy analoglaridan arzonroq bo‘ladi. Yakuniy narx 2025-yil fevral oyida jamoatchilikka e’lon qilinadi. Taxminlarga ko‘ra, avtomobil narxi 3,9 million rubl (629 mln so‘m) atrofida bo‘lishi mumkin. Bu O‘zbekiston sharoitida yangi Chevrolet Traverse narxiga yaqin.

Foto: avtonovostidnya

Elektromobilning o‘lchamlari 3995 × 1780 × 1615 mm. Dvigatel quvvati 204 ot kuchiga teng. Batareya sig‘imi 77 kVt/soat bo‘lib, bir zaryad bilan 500 km gacha yo‘l bosishi mumkin (WLTC). Klirensi 170 mm, maksimal tezligi esa 170 km/soat.

Foto: avtonovostidnya

Atom avtomobiliga 5 yil yoki 150 ming km kafolat beriladi. Avvalroq davlat subsidiyasi hisobga olinsa, narx 2,975 mln rubl ($38 mingdan ziyod)ga tushishi mumkinligi xabar qilingandi.

Elektromobil bir nechta variantlarda chiqariladi. Shaxsiy xaridorlar uchun, shuningdek, taksi, karshering, yetkazib berish xizmatlari va davlat buyurtmachilari uchun ham versiyalari mavjud.