
Fit Service servislar tarmog‘ining avtomobil eksperti Konstantin Yershovga ko‘ra, to‘liq uzatma qishda xavfsizlik kafolati emas, balki faqat ayrim sharoitlarda yordam beruvchi mexanizmdir. Kursiv Uzbekistan ekspert fikrlari asosida maqola tayyorladi.
To‘liq uzatma haqidagi noto‘g‘ri tushuncha
Eng keng tarqalgan xato — qishda ham yozgi haydash uslubini saqlab qolishdir. Ko‘pchilik haydovchilar to‘liq uzatmali avtomobil muzli yo‘lda ham barqaror bo‘ladi, deb hisoblaydi. Aslida esa barcha avtomobillar, uzatma turidan qat’i nazar, deyarli bir xil tormozlanadi. Muzlagan yo‘lda shinalarning ilashish darajasi keskin pasayadi va bu holatda nechta g‘ildirak yetakchi ekani muhim bo‘lmay qoladi.

To‘liq uzatma faqat aylantiruvchi momentni g‘ildiraklar o‘rtasida taqsimlaydi. Bu esa qorli yo‘lda joyidan osonroq qo‘zg‘alishga yoki sirpanchiq ko‘tarilishdan chiqib ketishga yordam beradi. Ammo burilishda yoki yuqori tezlikda fizika qonunlari o‘zgarmaydi. Me’yor oshirilsa, avtomobil to‘rtala g‘ildiragi bilan bir vaqtda sirpanishga tushib ketadi.
Muzda ulanadigan tizimlarning xavfi
Zamonaviy avtomobillarning aksariyatida doimiy emas, balki ulanadigan to‘liq uzatma qo‘llaniladi. Bunday tizimlar odatda ikkinchi o‘qni faqat zarurat tug‘ilganda ishga tushiradi. Mutaxassisning aytishicha, bu yechim qishda ayrim xavflarni keltirib chiqaradi.

Ba’zi holatlarda tizimning kechikib ishga tushishi keskin zarbaga sabab bo‘lishi mumkin va bu avtomobilning kutilmagan tarzda yon tomonga chiqib ketishiga olib keladi. Ayrim sxemalarda o‘qlar qattiq ulanib qolganda g‘ildiraklar bir xil tezlikda aylanishga urinadi, natijada burilishda mashina rul buyruqlariga yomonroq bo‘ysunadi. Bundan tashqari, qor ichida uzoq vaqt sirpanish kuzatilsa, elektronika tizimni qizib ketishdan himoya qilish uchun uni o‘chirib qo‘yishi mumkin. Bunday vaziyatda haydovchi to‘satdan oddiy monoprivodli avtomobilda qolib ketadi.
Qishki haydashda asosiy qoidalar

Konstantin Yershovning ta’kidlashicha, xavfsizlikning asosi uaztma emas, balki haydovchining xatti-harakatlaridir. Burilishga kirishdan oldin tezlikni pasaytirish muhim, chunki burilish ichida tormozlash sirpanishni kuchaytiradi. Masofani saqlash ham juda muhim, chunki hech qanday uzatma turi tormoz yo‘lini qisqartirmaydi. Harakatlar imkon qadar silliq bo‘lishi, keskin pedal bosish va agressiv rul harakatlaridan qochish zarur.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri avtomobillarda eng ko‘p uchraydigan muammolar haqida yozgan edi.