Avto

Bentley kompaniyasi yangi avtomobilini taqdim etdi

Yangi versiya bazaviy Continental va eng qudratli Speed hamda Supersports o‘rtasidagi bo‘shliqni to‘ldiradi
Bentley kompaniyasi yangi avtomobilini taqdim etdi / Foto: Bentley

Bentley kompaniyasi Continental’ning to‘rtinchi avlodi asosida yaratilgan yangi Continental 2027 GT S modelini rasman namoyish qildi. Yangi versiya bazaviy Continental va eng qudratli Speed hamda Supersports o‘rtasidagi bo‘shliqni to‘ldiradi.

Continental 2027 GT S negizida 4,0 litrli V8 dvigatel va elektromotordan iborat gibrid tizim yotadi. To‘liq uzatma bilan uyg‘unlashgan ushbu kuch qurilmasi 670 ot kuchi va 930 N/m aylantiruvchi moment hosil qiladi. Bu ko‘rsatkichlar Bentley tarixidagi mashhur W12 dvigatelidan ham ustun hisoblanadi. Kompaniya ta’kidlashicha, aynan shu gibrid tizim ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan W12 davrining mantiqiy vorisi sifatida yaratilgan.

Foto: Bentley

Modelning muhim yangiliklaridan biri to‘liq elektr rejimi. Continental 2027 GT S ichki yonuv dvigatelini ishga tushirmasdan 50 km masofani bosib o‘ta oladi. Shuningdek, avtomobil ilk bor orqa g‘ildiraklarni burish tizimi, elektron differensial blokirovkasi va 48 voltli faol stabilizatsiya tizimiga ega bo‘ldi. Ushbu texnologiyalar ilgari faqat Speed versiyasida qo‘llanilgan.

Foto: Bentley

Dinamik ko‘rsatkichlar ham sezilarli yaxshilangan. Avtomobil 0 dan 100 km/soatgacha 3,5 soniyada tezlanadi. Bu avvalgi ko‘rsatkichdan yarim soniyaga tez. Maksimal tezlik 306 km/soatni tashkil etadi va Grand Tourer sinfi uchun yetarli darajada yuqori darajada qolmoqda.

Tashqi ko‘rinishda Continental 2027 GT S qora rangli dekor elementlari, qoraytirilgan optika va quyuq rangdagi chiqarish quvurlari bilan ajralib turadi. Salon ikki rangli eksklyuziv bezak, qora yaltiroq detallar va ixtiyoriy qoraytirilgan xrom elementlar bilan boyitilgan.

Foto: Bentley

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Bentley o‘z tarixidagi eng kuchli krossoverni namoyish etgani haqida yozgan edi.