Cho‘kayotgan ayolni qutqarib qolgan profilaktika inspektori muddatidan oldin mayor bo‘ldi

Buxoro viloyatining Vobkent tumanida yashovchi profilaktika inspektori favqulodda vaziyatda jasorat ko‘rsatib, inson hayotini saqlab qolgani uchun muddatidan oldin «mayor» unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Joriy yilning 29-yanvar kuni Buxoro viloyatining Vobkent tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan profilaktika inspektori, kapitan Amrillo Rasulov sovuq suvga o‘zini tashlab, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan ayolni so‘nggi daqiqalarda qutqarib oldi.
Inspektor Amrillo Rasulov o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, fidoyilik ko‘rsatgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan, muddatidan oldin «mayor» maxsus unvoni bilan taqdirlandi.
Favqulodda vaziyatda qutqarilgan ayol 30 yoshga to‘lmagan bo‘lib, G‘ijduvon tumanidan va 4 farzandning onasidir. Vobkent tumanida profilaktika inspektori uni darhol qirg‘oqka olib chiqib, tez yordam chaqirish orqali tuman shifoxonasiga yetkazdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xayriddin Sultonovga «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» unvoni berilgani haqida xabar bergan edik.