
30-yanvar kuni O‘FA Milliy futbol markazida 2025-yil yakunlariga bag‘ishlangan tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar bermoqda.
Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatiga yo‘l olishidagi hissasi hamda «Istanbul Bashakshehir» klubidagi muvaffaqiyatli o‘yinlari sababli yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Tarixiy natija milliy terma jamoaning mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishida boshchilik qilgan Timur Kapadze esa eng yaxshi murabbiy unvoniga sazovor bo‘ldi.



Yoshlar va ayollar futbolida ham muhim yutuqlar qayd etildi. 2025-yilda U-17 Osiyo kubogi g‘olibi va musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lgan, shuningdek, o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida munosib qatnashgan Sadriddin Hasanov «Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi» deb topildi. Ayollar o‘rtasida ushbu nom milliy terma jamoa yetakchisi Diyora Xabibullayevaga nasib etdi.



Hakamlik yo‘nalishida xalqaro maydondagi faoliyati, xususan, Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatidagi ishtiroki va 2026-yilgi mundialga nomzodligi uchun Ilgiz Tantashev «Yilning eng yaxshi hakami» bo‘ldi. Superligada bosh hakam sifatida debyut qilgan Nasibabonu Toshmuhammedova esa ayol hakamlar orasida eng yaxshisi deb e’tirof etildi.



Marosimda ichki chempionat qahramonlari ham taqdirlandi. «Sevinch» klubi a’zosi Nilufar Qudratova ayollar Oliy ligasining eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan bo‘lsa, uning jamoadoshi, mavsumda 31 ta gol urgan Diyoraxon Xabibullayeva to‘purarlik sovrinini qabul qilib oldi. Terma jamoalarga eng ko‘p futbolchi yetkazib bergani uchun «Paxtakor», «Nasaf» va «Bunyodkor» klublariga maxsus sovrinlar topshirildi. Qoraqalpog‘iston futbol assotsiatsiyasi esa «Eng yaxshi hududiy futbol assotsiatsiyasi» deb topildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan APLda avgust oyining eng yaxshilari aniqlangni haqida xabar bergan edi.