Avto

Endi Chevrolet xaridorlari o‘z avtomobili qismlarini yig‘ishda ishtirok etishi mumkin

Mazkur xizmat narxi $5 ming etib belgilangan
Chevrolet avtosalonlari
Foto: GMAutority

General Motors 2026-yildan boshlab Chevrolet Corvette xaridorlari uchun noodatiy imkoniyatni taqdim etmoqda. Endilikda bo‘lajak egalarga o‘z avtomobilining dvigatelini ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashish taklif etiladi. Bu haqda Autoevolution nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, Build Your Own Engine («Dvigatelingni o‘zing yig‘») nomli ushbu opsiya dastlab eng qudratli 1250 ot kuchiga ega Chevrolet Corvette ZR1X modelini buyurtma qilgan mijozlar uchun joriy etiladi. Xaridorlar Kentukki shtatidagi Bouling-Grin shahrida joylashgan Corvette zavodiga tashrif buyurib, mutaxassis-motoristlar nazorati ostida o‘z avtomobilining dvigatelini yig‘ishda qatnashadi.

Yig‘ilgan dvigatel avval sinov stendida tekshiruvdan o‘tkaziladi, shundan so‘ng avtomobilga o‘rnatiladi. Keyinchalik ushbu xizmatni Corvette’ning boshqa sport versiyalari, ZR1 va Z06 modellari uchun ham kengaytirish rejalashtirilgan.

Mazkur xizmat narxi $5 ming etib belgilangan. Qo‘shimcha $1495 evaziga avtomobilni Chevrolet Corvette muzeyida tantanali tarzda topshirib berish ham mumkin. Muzey zavod yaqinida joylashgan.

Qayd etish joiz, GM bu kabi tajribani ilk bor qo‘llamayapti. Avval ham Corvette xaridorlari 2011 va 2015-yillarda dvigatelni yig‘ish jarayonida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Malibu AQShda qanday narxda sotilayotgani haqida yozgandi.