Yangiliklar

Farg‘onaga Xitoydan 24 ta yangi Yutong avtobusi olib kelindi

Yil yakuniga qadar yana 84 ta zamonaviy avtobus xarid qilinishi rejalashtirilgan
Foto: Farg‘ona viloyat transport boshqarmasi

Farg‘ona shahriga «Vodiy Imkon Trans UBD» MCHJ tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan 24 dona yangi Yutong rusumli avtobus olib kelindi. Mazkur transport vositalari tez orada shahar ichki yo‘nalishlariga chiqarilib, aholiga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi. Bu haqda Farg‘ona viloyat Transport boshqarmasi xabar bermoqda.

Foto: Farg‘ona viloyat transport boshqarmasi

So‘nggi yillarda viloyat markazida jamoat transportini yangilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2024–2025-yillar davomida to‘rtta tashuvchi korxona tomonidan jami 124 ta zamonaviy avtobus keltirilgan. Ular orasida Asia Star, Yutong va Zhong Tong kabi rusumlar mavjud bo‘lib, hozirda 10 ta yo‘nalishda brutto-shartnoma asosida yo‘lovchilarni tashimoqda.

Foto: Farg‘ona viloyat transport boshqarmasi

Transport infratuzilmasini rivojlantirish rejasiga ko‘ra, parkni kengaytirish ishlari davom etadi. Yil yakuniga qadar tashuvchi korxonalar tomonidan yana qo‘shimcha 84 ta avtobus olib kelinishi maqsad qilingan. Ushbu choralar «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qarshi shahriga 43 dona yangi zamonaviy avtobus keltirilgani haqida xabar bergan edi.