Futzal bo‘yicha Osiyo kubogi: O‘zbekiston Avstraliya ustidan irodali g‘alabaga erishdi

30-yanvar 2026 15:20 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: O‘zbekiston Futzal Assotsiatsiyasi

Futzal bo‘yicha Osiyo kubogi–2026 musobaqasining «C» guruhi 2-turi doirasida O‘zbekiston terma jamoasi Avstraliya bilan bahs olib bordi. O‘yin boshida raqibga ustunlikni boy bergan o‘zbekistonliklar uchrashuv davomida vaziyatni o‘z foydasiga o‘zgartirib, yakunda 4:2 hisobida g‘alabaga erishdi.

Uchrashuv kutilmagan ssenariy ostida boshlandi. O‘yinning 8 va 9-daqiqalarida avstraliyalik futzalchi Jyden Jakob Harb dubl qayd etib, jamoasini 2:0 hisobida oldinga olib chiqdi. Biroq O‘zbekiston vakillari tezda vaziyatni o‘nglashga kirishdi. O‘tkazib yuborilgan gollardan so‘ng, 9-daqiqada Anasxon Raxmatov hisobni qisqartirdi, 11-daqiqada esa Ixtiyor Ropiyev muvozanatni tikladi.

Video: O‘zbekiston Futzal Assotsiatsiyasi

Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida 19-daqiqada Ilhom Hamroyev O‘zbekistonni hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda ham ustunlikni saqlab qolgan holda, 37-daqiqada Muzaffar Axadjonov raqib darvozasini ishg‘ol qilib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.

Video: O‘zbekiston Futzal Assotsiatsiyasi

O‘yin so‘ngida maydonda keskinlik kuzatildi. 38-daqiqada Shaxram Faxriddinov sariq kartochka bilan ogohlantirilgan bo‘lsa, oradan bir daqiqa o‘tib, 39-daqiqada avstraliyalik Wade Matthew Giovenali qizil kartochka olib, maydondan chetlatildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Osiyo kubogining 1-turida Tojikiston va O‘zbekiston durang o‘ynagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek