Avto

General Motors tezlikni oshirdi: Ford orqada qolishi mumkin

Kompaniya yuqori talab sabab ishlab chiqarishni AQShdagi zavodlarga ko‘chirishni davom ettirmoqda
Foto: Chevrolet

General Motors (GM) yaqin yillarda AQShda ishlab chiqariladigan avtomobillar soni bo‘yicha Ford’ni ortda qoldirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori Meri Barra aksiyadorlarga yo‘llagan maktubida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya yuqori talab sabab ishlab chiqarishni AQShdagi zavodlarga ko‘chirishni davom ettirmoqda va yillik hajmni 2 mln donagacha oshirishni kutmoqda. Hozirgi sharoit GM’ga ichki bozorda ishlab chiqarishni kengaytirish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.

Meri Barra / Foto: Getty images

2025-yilda Ford AQShda taxminan 2,1 mln dona avtomobil ishlab chiqargan. Shu davrda kompaniya ko‘rsatkichi 1,7 mln dona atrofida bo‘lgan. GM prognozi amalga oshishi uchun hajmni sezilarli oshirishi kerak. Shu bilan birga, Ford qisqa muddatda ishlab chiqarishni kamaytirishi mumkin.

Bunga asosiy sabab Ford’ning Luisvill shahridagi zavodida ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtatilganidir. Korxona to‘liq elektromobillar ishlab chiqarishga moslashtirilmoqda. 2025-yilda bu yerda 189 ming dona Ford Escape va Lincoln Corsair ishlab chiqarilgan. 2026-yilda ushbu hajm statistikadan chiqadi. Elektromobillar ishlab chiqarishi 2027-yilda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Foto: Reuters / GM ofisi

Shu bilan birga, Ford’ning bir qator ommabop modellari, jumladan, Maverick va Bronco Sport, AQShdan tashqarida, Meksikada ishlab chiqarilmoqda. Bu ham kompaniyaning mahalliy ishlab chiqarish hajmiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

General Motors esa parallel ravishda ichki yonuv dvigatelli yangi modellarni AQShda ishlab chiqarishga tayyorlamoqda. Bu 2026-yilda avtomobil ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi kuchlar nisbatini o‘zgartirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri GM daromadi oshgani haqida yozgan edi.