Yangiliklar

GM uchta yangi modelga tayyorgarlik uchun 30 mln dollar sarmoya kiritdi

gm
Mahalliy ishchi kuchiga
Foto: News GM

General Motors (GM) AQShning Kanzas-Siti shahridagi Fairfax Assembly zavodida uchta yangi avtomobilni ishlab chiqarishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida mahalliy ishchi kuchiga qo‘shimcha $30 mln sarmoya kiritayotganini e’lon qildi. Bu mablag‘ xodimlarni zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalariga mos tayyorlashga yo‘naltiriladi.

1946-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan zavod hozirda Chevrolet Bolt elektromobilini ishlab chiqarmoqda. Yaqin orada bu yerda benzinli Chevrolet Equinox hamda yangi avlod Buick ixcham krossoveri ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

GM so‘nggi yillarda ishlab chiqarish infratuzilmasiga qariyb $5,5 mlrd sarmoya kiritgan. Yangi ajratilayotgan 30 mln dollar esa xodimlarni qayta tayyorlash, elektromobil (EV) va ichki yonuv dvigatelli (ICE) modellar o‘rtasida moslashuvchanlikni oshirish, shuningdek, xavfsizlik va sifat standartlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Fairfax zavodi direktori, uchinchi avlod GM xodimi bo‘lgan Maykl Yangsning ta’kidlashicha, bu sarmoya faqat yangi avtomobillar ishlab chiqarish emas, balki uzoq muddatli mehnat an’analarini davom ettirishga qaratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu yerda avtomobil emas, balki kelajak avlodlar uchun meros yaratilmoqda».

Mazkur loyiha GM’ning butun kompaniya bo‘yicha amalga oshirilayotgan kadrlar strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Oxirgi besh yil ichida kompaniya AQShda $500 mlnni malaka oshirish va shogirdlik dasturlariga yo‘naltirgan, minglab xodimlarga oliy ta’lim uchun grant va o‘quv xarajatlarini qoplash imkonini bergan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM kompaniyasining daromadi rekord darajaga yetgani haqida yozgandi.