Lifestyle

Google tarixi: talabalar loyihasi dunyo axborot tizimini qanday oʻzgartirdi

Kompaniya tarixi 1995-yilda AQShdagi Stenford universitetida boshlangan
Foto: Depositphotos.com / wolterke

Bugungi raqamli dunyoni Googleʼsiz tasavvur qilish qiyin. Internetga ulangan milliardlab odamlar kundalik hayotida qidiruv tizimlari, xaritalar, elektron pochta, video, mobil ilovalar va bulutli texnologiyalar orqali bevosita yoki bilvosita Google ekotizimi bilan aloqada boʻladi. Kompaniyaning bugungi qudrati oʻnlab yillik evolyutsiya, ilmiy yondashuv va koʻp bosqichli biznes qarorlar natijasidir. Sezganingizdek, bu safargi Kursiv Uzbekistanʼning Brend tarixi ruknida Google kompaniyasi haqida soʻz boradi.

Maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:

Loyihaning boshlanishi

Foto: bbc.com. Google kompaniyasining birinchi ofisi. Chapdan o‘ngga: Larry Page, Sergey Brin

Kompaniya tarixi 1995-yilda AQShdagi Stenford universitetida boshlangan. Aynan shu yili loyiha asoschilari Larry Page va Sergey Brin universitetda tanishadi. Dastlab ikki yosh olim bir-birini unchalik yoqtirmagan. Avvaliga ular qarashlari boʻyicha tez-tez bahslashar va koʻplab masalalarda qarama-qarshi fikr bildir edi. Ammo bu ziddiyat oxir-oqibat samarali hamkorlikka aylandi.

1996-yilda ular internetdagi axborot tuzilishini oʻrganishga jiddiy kirishadi. Oʻsha davrda qidiruv tizimlari sahifalarni, asosan, kalit soʻzlar chastotasiga qarab saralardi, natijada koʻpincha axborot jihatidan sayoz resurslar yuqori oʻrinlarni egallardi. Larry Page va Sergey Brin sahifaning haqiqiy ahamiyati nafaqat matn tarkibi, balki unga boshqa veb-sahifalar tomonidan berilgan havolalar tizimi va ularning nufuz darajasi bilan belgilanadi degan yondashuvni taklif qildi.

Shu tariqa BackRub nomli loyiha paydo boʻladi. Qidiruv roboti Stenford serverlarida ishlay boshlagan. Dastlabki texnik infratuzilma esa oddiy boʻlgan. Birinchi serverlar Lego konstruktori yordamida yigʻilgan boʻlib, bu keyinchalik Google afsonalaridan biriga aylanadi.

PageRank va Google nomining paydo boʻlishi

Larry Page tomonidan ishlab chiqilgan PageRank algoritmi BackRubʼning asosiy texnologik ustunligi boʻldi. Ushbu algoritm sahifalarni baholashda havolalar oʻrtasidagi bogʻliqlikni tahlil qilar, natijada foydalanuvchi qidiruviga nisbatan ancha aniqlik berardi.

Loyiha nomi keyinchalik Google deb oʻzgartiriladi. Bu nom matematik googol soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, u 1 sonining ortidan 100 ta nol yozilishi bilan ifodalanadi. Nom tanlovi Page va Brinning maqsadini ifodalar edi, ya’ni internetdagi cheksiz axborotni tartiblash.

1997-yilda google.com domeni roʻyxatdan oʻtkazildi. Shu paytda kompaniya kelajakdagi dizayn falsafasini ham shakllantirdi. Minimalizm, ortiqcha grafikasiz interfeys va ranglarning noodatiy uygʻunligi Googleʼni raqobatchilardan ajratib turdi.

Kompaniyaning rasmiy tashkil topishi va birinchi sarmoya

1998-yilda Page va Brin algoritmni sotishga urinib koʻradi. Ular texnologiyani $1 mln evaziga yirik kompaniyalarga taklif qiladi, biroq potensial xaridorlar bu gʻoyaga yetarli ahamiyat bermaydi. Vaziyat kutilmaganda oʻzgaradi. Sun Microsystems asoschilaridan biri Endi Behtolshaym Googleʼning istiqboliga ishonadi va hali mavjud boʻlmagan kompaniya nomiga $100 minglik chek yozib beradi.

Chekni naqdlashtirish zarurati 1998-yil 4-sentabrda Google Inc.ʼning rasman roʻyxatdan oʻtishiga sabab boʻldi. Kompaniyaning ilk ofisi Sergey Brinning tanishining uyi garajida boʻladi. Birinchi yollangan xodim esa ularning Stenforddagi kursdoshi boʻlgan.

Google madaniyati va qoidalarni buzish falsafasi

Google loyiha boshidan oʻzini oddiy IT kompaniya sifatida emas, balki erkin fikrlovchi muhandislar jamiyati sifatida shakllantiradi. Rangli logo, rasmiy boʻlmagan ish muhiti, ochiq muhokamalar va xodimlarga ishonch. Bularning barchasi kompaniya madaniyatining ajralmas qismiga aylanadi.

Bu yondashuv keyinchalik Donʼt be evil (yovuz boʻlma) shiori bilan mustahkamlandi. Garchi bu ibora vaqt oʻtib rasmiy hujjatlardan olib tashlangan boʻlsa-da, Googleʼning dastlabki ruhiyatini ifodalovchi ramz sifatida eslab kelinadi.

Reklama orqali barqaror daromadga chiqish

Google uzoq vaqt reklamasiz ishlashga harakat qilgan. Asoschilar qidiruv tizimi foydalanuvchi manfaatidan chetga chiqmasligi kerak degan fikrni qat’iy himoya qilgan. Biroq katta infratuzilmani saqlash va rivojlantirish uchun barqaror daromad zarur edi.

2002-yilda ishga tushirilgan AdWords tizimi bu muammoni hal qildi. Reklama faqat foydalanuvchi qidiruviga mos kelgandagina koʻrsatiladigan boʻldi va toʻlov faqat kliklar uchun undiriladigan mexanizm joriy etildi. Ushbu model Googleʼni qisqa vaqt ichida daromadli kompaniyaga aylantirdi va keyinchalik butun raqamli reklama bozorining standartiga aylandi.

Kengayish, xizmatlar va yirik xaridlar

2000-yillarning boshidan Google strategik kengayish yoʻliga oʻtdi. 2003-yilda Blogger servisi sotib olindi. 2004-yilda Gmail ishga tushdi va foydalanuvchilarga 1 GB bepul xotira taklif etildi. Bu qaror raqobatchilar fonida Googleʼni keskin ajratib koʻrsatishga xizmat qildi.

Foto: Google. Kompaniya loyihalari.

2006-yilda YouTubeʼning $1,65 mlrd evaziga sotib olinishi kompaniya tarixidagi eng muhim bitimlardan biri boʻldi. 2008-yilda Chrome brauzeri ishga tushdi, xuddi shu yili Android asosidagi ilk smartfonlar bozorga chiqdi. Bu Googleʼni mobil ekotizimning asosiy oʻyinchisiga aylantirdi.

Ofislar, ish muhiti va global tarmoq

Foto: Depositphotos.com / pozdeevvs.gmail.com

Googleʼning bosh ofisi Kaliforniyaning Mountain Viev shahrida joylashgan boʻlib, Googleplex nomi bilan tanilgan. Kampus hududida kafe, sport zallari, tibbiy xizmat, dam olish hududlari mavjud. Kompaniya xodimlarning samaradorligi qulay muhit bilan bevosita bogʻliq degan tamoyilga amal qiladi.

Bugungi kunda Google dunyoning 50 dan ortiq davlatlarida oʻnlab ofislarga ega. Har bir ofis dizayni mahalliy madaniyatga moslashtirilgan boʻlsa-da, umumiy falsafa saqlanib qolgan.

Alphabetʼga oʻtish va boshqaruv tizimidagi oʻzgarishlar

2015-yilda kompaniya yirik restrukturizatsiya oʻtkazdi va Alphabet Inc. nomli xolding tuzildi. Google asosiy xizmatlarni boshqaruvchi shoʻba kompaniyaga aylandi. Boshqaruv tizimi soddalashtirildi, innovatsion loyihalar mustaqil yoʻnalishlarga ajratildi.

Foto: Twitter / Sundar Pichai

2019-yilda Larry Page va Sergey Brin operatsion boshqaruvdan chiqishini e’lon qildi. Alphabet va Googleʼga rahbarlik qilish Sundar Pichai zimmasiga yuklatildi. Asoschilar esa aksiyador va strategik shaxs sifatida kompaniya bilan aloqani saqlab qoldi.

Kadrlar siyosati va ishga qabul qilish falsafasi

Har yili Googleʼga millionlab arizalar kelib tushadi. Tanlov jarayoni juda murakkab va koʻp bosqichli. Nomzodning diplomidan koʻra muammolarni hal qilish qobiliyati, mantiqiy fikrlashi va jamoada ishlash koʻnikmasi muhimroq hisoblanadi. Qiziqarli jihati shundaki, kompaniyada kollejni tamomlamagan, lekin yuqori professional darajaga ega xodimlar ham mavjud.

Moliyaviy koʻrsatkichlar

Googleʼning moliyaviy barqarorligi va bozor ta’siri uning bosh kompaniyasi Alphabet moliyaviy natijalari orqali baholanadi. Kompaniya daromadining asosiy qismi qidiruv tizimi va YouTube orqali koʻrsatiladigan reklamalardan shakllanadi. Soʻnggi yillarda Googleʼning reklama daromadlari barqaror oshib bormoqda. Bu holat kompaniyani jahon reklama bozoridagi eng yirik oʻyinchilardan biriga aylantirdi.

Foto: Mexc.com

2024-yilda Alphabetʼning yillik daromadi $350 mlrd atrofida shakllandi. 2025-yil davomida ham kompaniya choraklik hisobotlarda yuqori daromad va foyda koʻrsatkichlarini saqlab qoldi, ayrim choraklarda sof foyda $30 mlrd dan oshdi.

Kompaniyaning bozor kapitallashuvi ham izchil oshib bordi. Turli davrlarda Alphabet $2 trlndan yuqori baholangan boʻlsa, 2025-yil davomida aksiyalar qiymati $3 trln atrofidagi darajaga yetdi. Bu investorlarning sun’iy intellekt, bulutli xizmatlar va infratuzilmaga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaga boʻlgan ishonchi bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, Alphabet har yili oʻnlab milliard dollarni ilmiy tadqiqotlar va texnologik rivojlanishga yoʻnaltirib, qisqa muddatli foydadan koʻra uzoq muddatli texnologik ustunlikni ustuvor deb bilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple kompaniyasining rivojlanish va muvaffaqiyat tarixi haqida maqola tayyorlagan edi.