
Honda Accord avtomobilining oltinchi avlodi ishonchlilik bo‘yicha noyob natijani qayd etdi. GAC Honda 1 mln kmga yaqin masofa bosib o‘tgan sedan bilan 24 soatlik chidamlilik testini muvaffaqiyatli yakunlaganini e’lon qildi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, sinovda qatnashgan avtomobilning haqiqiy yurishi 978 ming kmni tashkil etgan. Biroq shartli ravishda u 1 mln km deb baholangan. Test davomida sedan 2181 km yo‘l bosib o‘tgan va biror nosozlik kuzatilmagan.
24 soat ichida avtomobilning maksimal tezligi 145 km/soatgacha yetgan. O‘rtacha yonilg‘i sarfi esa 100 kmga 8,09 litrni tashkil etgan. Sinov yakunida texnik jihatdan hech qanday muammo qayd etilmagan.
GAC Honda’ning qayd etishicha, sinovdan o‘tkazilgan Accord oddiy xususiy avtomobil bo‘lgan. U ekspluatatsiya davomida faqat reja asosidagi texnik xizmatdan o‘tgan va sarflanadigan ehtiyot qismlar almashtirilgan. Konstruksiyaga o‘zgartirish kiritilmagan.
Sinov oldidan o‘tkazilgan tekshiruvda barcha asosiy uzellar zavod holatida ekani aniqlangan. 2,3 litrli VTEC dvigatelida moy sarfi oshmagan va qotish belgilari topilmagan. Osma tizimidagi rezina elementlar shikastlanmagan. Elektron boshqaruv tizimi datchiklari to‘liq ishlagan.
Honda Accord oltinchi avlodi ishlab chiqarish indeksi CG bilan tanilgan. Model ilk bor 1997-yil avgust oyida taqdim qilingan. 1999-yilda esa u GAC Honda zavodida ishlab chiqarila boshlagan. Avtomobil VTEC dvigateli, mustaqil orqa osma va elektron boshqariladigan yonilg‘i purkash tizimi bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Honda yangi Civic Si modelini taqdim etgani haqida yozgan edi.