
Indoneziya fond birjasi rahbari Iman Rachman 30-yanvar kuni o‘z lavozimini tark etdi. Bu qaror bozor kapitallashuvi $80 mlrddan ko‘proqqa kamayganidan so‘ng qabul qilindi.
Jakarta Composite Index chorshanba va payshanba kunlari 8 foizdan ko‘proqqa tushib, aprel oyidan beri eng keskin ikki kunlik pasayishni qayd etdi. Indoneziya rupiyasi kursi ham tushdi. Iman Rachman televideniye orqali chiqish qilib, vaziyat uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi.
«Umid qilamanki, bu kapital bozori uchun eng to‘g‘ri qaror va mening iste’fom ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi», – dedi sobiq rahbar.
Keskin pasayishga chorshanba kuni MSCI tashkilotining aksiyalar egaligi va savdo shaffofligi bo‘yicha bildirgan xavotirlari sabab bo‘ldi. Agar vaziyat yaxshilanmasa, bozor maqomi pasaytirilishi xavfi mavjud edi. Bundan tashqari, prezident Prabovo Subiantoning fiskal defitsitni kengaytirishi va davlatning moliya bozorlariga aralashuvi xorijiy kapitalning chiqib ketishini tezlashtirgan.
Xususan, prezidentning jiyani Tomas Jivandononing markaziy bankka tayinlanishi va o‘tgan yili moliya vaziri Sri Mulyani Indravatining ishdan bo‘shatilishi ishonchga putur yetkazgan. Hukumat vaziyatni o‘nglash uchun erkin savdodagi aksiyalar talabini ikki baravar oshirib, 15 foizga yetkazish va kichik ulushdorlarning aloqalarini tekshirish kabi choralarni taklif qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekiston 2025-yilda birja savdolarida qatnashgan unikal investorlar soni 29 foizga qisqargani haqida xabar bergan edi.