Yangiliklar

Markaziy bank obligatsiyalari va REPO operatsiyalari bo‘yicha tartib yangilandi

Yangi qoidalarga muvofiq, REPO bitimlari markaziy kontragent ishtirokida yoki ishtirokisiz tuzilishi mumkin
Markaziy bankda yangi tayinlovlar amalga oshirildi
Foto: Kursiv Uzbekistan

24-yanvardan boshlab Markaziy bank obligatsiyalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishiga oid yangi tartib kuchga kirdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, Markaziy bank obligatsiyalarni ikkilamchi bozorda, jumladan likvidlikni tartibga solish maqsadida REPO bitimlarida oldi-sotdi predmeti sifatida joylashtirish huquqiga ega bo‘ldi. Endilikda obligatsiyalarni joylashtirishdan tortib, ularni so‘ndirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar moliya bozorining alohida infratuzilmalari orqali amalga oshiriladi.

Xususan, obligatsiyalarni saqlash va hisobga olish Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi tomonidan, ularning muomalasi Valyuta birjasi orqali, hisob-kitoblar esa Milliy kliring markazi (markaziy kontragent ishtirokida) yoki markaziy kontragentsiz holda Markaziy depozitariy yoxud Markaziy bank orqali bajariladi. Ushbu yondashuv xalqaro amaliyotga mos bo‘lib, birja – depozitariy – kliring (markaziy kontragent) modeli asosida butun jarayonni qamrab oladi.

Shu bilan birga, davlat qimmatli qog‘ozlari bilan REPO bitimlarini tuzish va bajarish tartibi ham takomillashtirildi. Endilikda REPO operatsiyalari orqali qimmatli qog‘ozlarni sotishni soddalashtirish va ulardan ikkinchi bosqich bajarilgunga qadar qayta foydalanish imkonini berish maqsadida ta’minotni blokirovka qilish amaliyoti bekor qilindi. Bundan tashqari, REPO bitimlari uchun ta’minot sifatida so‘ndirish muddati bitimning ikkinchi qismi bajariladigan sanadan keyin keladigan davlat qimmatli qog‘ozlaridan foydalanishga ruxsat etildi.

Yangi qoidalarga muvofiq, REPO bitimlari markaziy kontragent ishtirokida yoki ishtirokisiz tuzilishi mumkin. Bu jarayonda Milliy kliring markazi markaziy kontragent vazifasini bajaradi. Dilerlarning majburiyatlari bajarilishi Markaziy depozitariy yoki Milliy kliring markazi tomonidan ta’minlanadi, bitimlar ijrosi haqidagi ma’lumotlar esa savdo tizimiga uzatiladi.

Qayd etilishicha, mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar mikromoliya banklari uchun ham tatbiq etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank asosiy stavkani yana 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani haqida yozgandi.