«Nasaf» OChL Elit bosqichi doirasidagi o‘yinni Farg‘onada o‘tkazadi

eʼlon qilindi
Foto: O‘zPFL

Qarshining «Nasaf» klubi 9-fevral kuni Osiyo Chempionlar ligasi Elit musobaqasining 7-turi doirasida Iroqning «Al Shorta» jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Qarshi shahridagi «Markaziy» stadion maysasi ta’mirlanayotgani bois uchrashuv Farg‘ona shahridagi «Istiqlol» stadionida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zPFL xabar bermoqda.

O‘yin 9-fevral kuni soat 18:45 da boshlanishi belgilangan. Hozirgi vaqtda «Nasaf» musobaqaning G‘arb mintaqasi turnir jadvalida qiyin vaziyatda qolmoqda. O‘tkazilgan 6 ta turning barchasida mag‘lubiyatga uchragan qarshiliklar hisobida birorta ham ochko mavjud emas va jamoa 12-o‘rinda bormoqda.

Foto: Telegram / Nasaf

Ularning raqibi «Al Shorta» esa 1 ochko bilan 11-pog‘onani band etgan. Mazkur o‘yin har ikki jamoa uchun turnir jadvalining quyi qismidagi vaziyatni o‘nglash va dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritish imkoniyati hisoblanadi. 7-tur doirasida mintaqada boshqa markaziy uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tadi.

Foto: afc.com

Xususan, 18 ochko bilan turnir jadvalida yaqqol peshqadamlik qilayotgan Saudiya Arabistonining «Al Hilol» klubi BAAning «Shabab Al Ahli» jamoasi mehmoni bo‘ladi. Shuningdek, 14 ochko bilan ikkinchi o‘rinda borayotgan Eronning «Traktor» klubi o‘z maydonida Qatarning «Al Sadd» jamoasini qabul qiladi. Kuchli uchlikdagi «Al Ahli» esa BAAda «Al Vahda» bilan kuch sinashadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Paxtakor» «Nasaf»dan Oybek Bozorov va Sherzod Nasrullayevni o‘z safiga qo‘shib olgani haqiida xabar bergan edi.

Shuningdek