Oltin narxi rekord o‘sishdan keyin keskin tushdi

Jahon bozorida oltin narxi tarixiy rekordni yangilab $5,6 minggacha chiqqandan keyin keskin tushishni qayd etmoqda. 30-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:15 holatiga oltin narxi bir unsiya uchun $5,2 mingdan pasaydi.
Juma kungi savdolarda oltin narxi 4 foizdan ko‘proqqa pasaydi. Reuters’ga ko‘ra, bunga AQSh Federal rezerv tizimi (FED) rahbari lavozimiga yanada qat’iy (hawkish) qarashlarga ega shaxs tayinlanishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, oltin 1980-yildan beri eng kuchli oylik o‘sishni qayd etish arafasida.
Umuman, yanvar oyida oltin narxi 20 foizdan ortiq oshdi. Bu ketma-ket oltinchi oylik o‘sish bo‘lib, so‘nggi 45 yildagi eng yirik oylik ko‘rsatkich hisoblanadi. Investorlar geosiyosiy va iqtisodiy noaniqliklar sabab oltinni «xavfsiz aktiv» sifatida sotib olishda davom etmoqda.
Donald Tramp Federal rezerv raisi Jerome Powell o‘rniga yangi nomzodni e’lon qilishini aytgan. Bozorda bu lavozimga sobiq FED rahbari Kevin Uorsh tayinlanishi mumkinligi haqida taxminlar kuchaygan. Aynan shu xabarlar Osiyo bozorlarida oltin narxiga bosim o‘tkazmoqda.
Dollar ko‘p yillik eng past darajalardan biroz tiklandi. Bu ham oltin narxining pasayishiga sabab bo‘ldi, chunki kuchli dollar oltinni boshqa davlatlar uchun qimmatroq qiladi. Shunga qaramay, bozorlar 2026-yilda ikki marta foiz stavkasi pasaytirilishini kutmoqda.
Kumush narxi ham 3,6 foizga tushib, $111 ni tashkil etdi. Biroq u yanvar oyida 56 foizga o‘sib, tarixdagi eng yaxshi oylik natijaga yaqinlashdi. Platina 3,7 foizga, palladiy esa 4 foizga arzonladi.
O‘zbekistonda oltin narxi qanday
O‘zbekistonda ham oltin quymalar narxi ilk bor 11 mln so‘mga yaqinlashgandan keyin pasaydi. Markaziy bank 30-yanvar Toshkent vaqti bilan soat 09:35 holatiga oltin quymalarini sotish va sotib olish narxlarini e’lon qildi.
E’tiborli jihati oltinni sotish narxi pasayib, 29-yanvarga nisbatan qaytarib sotib olish narxi ko‘tarildi.
Quyida oltin quymalarining grammlariga nisbatan sotish va sotib olish narxlari keltirilgan:
| Og‘irligi | Sotish narxi | Qaytarib sotib olish (qadog‘i but) | Qaytarib sotib olish (qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos emas) |
|---|---|---|---|
| 5 gramm | 10 785 000 so‘m | 10 468 000 so‘m | 10 362 000 so‘m |
| 10 gramm | 21 570 000 so‘m | 20 935 000 so‘m | 20 724 000 so‘m |
| 20 gramm | 43 139 000 so‘m | 41 870 000 so‘m | 41 447 000 so‘m |
| 50 gramm | 107 848 000 so‘m | 104 676 000 so‘m | 103 618 000 so‘m |
| 100 gramm | 215 695 000 so‘m | 209 351 000 so‘m | 207 237 000 so‘m |
29-yanvar kungi narxlar bilan Kursiv.oltin havolasi orqali tanishishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan oltinni qanday qilib onlayn sotib olish mumkinligi haqida ma’lumot bergandi.