
Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim hujjatlar imzolanishi bilan yakunlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Qo‘shma bayonot hamda keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladilar.
Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha muhim yo‘nalishlarini qamrab olgan keng ko‘lamli bitimlar paketi qabul qilindi. Xususan, sog‘liqni saqlash, ta’lim va harbiy tibbiyot sohalarida hamkorlikni kuchaytirish, iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar konchilik sanoati, xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish hamda maxsus iqtisodiy zonalar sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Yadro xavfsizligi, radiatsion himoya, kafolatlar va axborot almashinuvi bo‘yicha hamkorlik ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Bundan tashqari, migratsiyani tartibga solish va fuqarolarni o‘z mamlakatiga qaytarish masalalarida hamkorlik, diniy sohada hukumatlararo bitimlar, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
Madaniyat sohasida ham aloqalarni mustahkamlash maqsadida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi tasdiqlandi. Yengil sanoat va oliy ta’lim yo‘nalishlarida ham tegishli bayonnomalar qabul qilindi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston Turkiya bilan tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazishi haqida yozgandi.