
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Marosim davomida Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Birinchi prezidentning vatan manfaatlari yo‘lidagi faoliyati, insoniy fazilatlari yodga olindi.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, birinchi prezidentning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yilib, xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi.
Ma’lumot uchun, Islom Karimov 2016-yil 2-sentabrda Toshkent shahrida bosh miyada qayta tiklanmaydigan oʻzgarishlarga va poliorgan yetishmovchiligiga olib kelgan miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi (insult) oqibatida vafot etgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birga rasmiy tashrif bilan Anqara shahriga borgani haqida yozgandi.