Gadjetlar

RedMagic 11 Air smartfoni xalqaro bozorga chiqarildi — narx

Yupqaroq dizayn va kuchli texnik ko‘rsatkichlar bilan
RedMagic 11 Air smartfoni xalqaro bozorga chiqarildi / Foto: RedMagic

RedMagic kompaniyasi xalqaro bozor uchun yangi avlod flagman smartfoni – RedMagic 11 Air modelini rasman taqdim etdi.

Qurilma Xitoyda 2026-yil 20-yanvarda namoyish qilingan bo‘lib, u avvalgi modelga nisbatan ikki baravar ommabop bo‘lgan. RedMagic 11 Air RedMagic 11 Pro’dan 12 foiz yupqaroq va 10 foiz yengilroq bo‘lsa-da, shaffof dizayn, ekran osti selfi-kamerasi, sovitish tizimidagi haqiqiy ventilyator hamda RGB yoritish kabi brendga xos elementlarni saqlab qolgan.

Foto: RedMagic

Smartfon 6,85 dyuymli AMOLED displeyga ega bo‘lib, uning ruxsati 1216 × 2688 piksel va yangilanish chastotasi 144 Gsni tashkil etadi. Asosiy kamera 50 va 8 megapikselli modullardan iborat, old kamera esa 16 megapiksel. Qurilma Qualcomm Snapdragon 8 Elite protsessori, 7000 mA·soat sig‘imli batareya va 80 Vt quvvatdagi tezkor zaryadlash texnologiyasi bilan jihozlangan.

RedMagic 11 Air Android 16 asosidagi RedMagic OS 11.0 operatsion tizimida ishlaydi va o‘yin hamda unumdorlikni oshirishga mo‘ljallangan sun’iy intellektga asoslangan vositalarni o‘z ichiga oladi. Qurilma o‘lchamlari 163,8 × 76,5 × 8 mm, vazni esa 207 grammni tashkil etadi.

Foto: RedMagic

Kompaniya 5-fevraldan bron qilishni boshlaydi, 10-fevraldan oldindan buyurtmalar qabul qilinadi, ochiq savdolar esa 11-fevraldan start oladi. Narxlar 12 GB tezkor xotira va 512 GB ichki xotiraga ega RedMagic 11 Air versiyasi uchun $500 dan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Motorola Moto G67 va G77 smartfonlari namoyish etilgan edi.