
Amazon korporatsiyasi ChatGPT yaratuvchisi OpenAI kompaniyasiga $50 mlrd sarmoya kiritish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Reuters agentli xabar bermoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, muzokaralar ayni damda dastlabki bosqichda va yakuniy raqamlar hali to‘liq tasdiqlanmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yirik jarayonni Amazon bosh direktori Endi Jessi va OpenAI rahbari Sem Altman shaxsan muhokama qilmoqda.
Agar kelishuv amalga oshsa, Amazon sun’iy intellekt kompaniyasining joriy moliyalashtirish raundidagi eng yirik investorga aylanishi mumkin. OpenAI ayni paytda $100 mlrdgacha mablag‘ jalb qilishni ko‘zlamoqda, bu esa kompaniyaning umumiy qiymatini $830 mlrdga yetkazadi. Kelajakda kompaniya IPO’ga chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, bu jarayonda uning bahosi $1 trlngacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Bozordagi raqobat keskin. Yaponiyaning SoftBank Group korporatsiyasi ham startapga qo‘shimcha $30 mlrd kiritish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Shuningdek, chiplar ishlab chiqaruvchi Nvidia $30 mlrdgacha, uzoq yillik hamkor Microsoft esa $10 mlrddan kamroq mablag‘ bilan ushbu poygada ishtirok etishi mumkin.
E’tiborlisi, Amazon parallel ravishda OpenAI’ning asosiy raqobatchisi Anthropic kompaniyasiga ham $8 mlrd sarmoya kiritgan. Anthropic korxona mijozlari orasida ommalashib bormoqda va 2026-yilda yillik daromadini $26 mlrdga yetkazishni prognoz qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amazon Hindistonga 35 mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritishi haqida xabar bergan edi.