
Samarqand viloyati «Zarafshon» daryosi o‘zanidan qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olingani oqibatida tabiatga 422 mlrd so‘m zarar yetkazildi. Holat haqida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Toyloq tumani hududidan oqib o‘tuvchi, qazish ishlari taqiqlangan daryo o‘zanida noruda materiallar tungi vaqtda noqonuniy qazib olingan. Ushbu materiallar Urgut tumani va Samarqand shahrini bog‘lovchi yangi temir yo‘l liniyasi orqali maxsus beton moslamalar yordamida tashilib, «Zarafshon Propriety Service» MChJ hududiga olib borilgan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ushbu qonunbuzarlik oqibatida tabiatga 422,6 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlandi. Qo‘mita holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilganini bildirdi. Shuningdek, temir yo‘lga beton bo‘laklari joylashtirilgani yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan alohida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgan. Ushbu qaror suv havzalarini muhofaza qilish va ekologik muvozanatni saqlashga qaratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiyda noqonuniy tarzda oltin qaziyotganlar ushlangani haqida xabar bergandi. Aniqlanishicha, noqonuniy oltin savdosiga ixtisoslashgan uyushgan jinoiy guruh xorijiy davlat fuqarolarini jalb qilgan holda soliq, geologiya, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qator qonunchilik talablariga zid ravishda faoliyat yuritgan.