Siriusda qariyb 80 million dollarlik eng uzun osma ekoyo‘lak barpo etiladi

eʼlon qilindi
Uning uzunligi 10,8 kilometrni tashkil etadi
Foto: fine-travel.ru

Rossiyadagi federal hudud — Siriusda sharqiy va g‘arbiy qismlarni bog‘lovchi ikkita piyodalar uchun mo‘ljallangan ekoyo‘lak qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Interfaks» xabar berdi.

Asosiy loyiha — «Sirius» nomli marshrut bo‘lib, uning uzunligi 10,8 kilometrni tashkil etadi. U hududning sharqiy qismidagi Ornitologiya bog‘ini g‘arbdagi «Janubiy madaniyatlar» dendroparki bilan bog‘laydi. Yo‘lak ustki piyodalar inshootlari va manzarali kuzatuv nuqtalarini o‘z ichiga oladi. Loyiha haddan tashqari yuklama ostidagi dengiz bo‘yi sayr yo‘lagiga muqobil sifatida ko‘rilmoqda hamda yangi sayyohlik maskaniga aylanishi kutilmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha qiymati qariyb $79 millionni tashkil etadi. Bu uni Yevropadagi eng yirik osma ekoyo‘lak loyihasiga aylantiradi.

Ikkinchi — «Daryo bo‘yi» yo‘lagi Mzimta daryosidan Psou daryosigacha bo‘lgan hududda, mavjud suv yo‘llari bo‘ylab barpo etiladi. Uning uzunligi 7,5 kilometr bo‘lib, loyiha qiymati taxminan $10 millionga baholanmoqda.

Hudud ma’muriyati ta’kidlashicha, mazkur loyihalar «Sirius»ni piyoda va velosipedda harakatlanish ustuvor bo‘lgan zamonaviy shahar makoniga aylantiradi, shuningdek, chiqindi gazlar va shovqin darajasining kamayishiga xizmat qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda dunyodagi eng uzun tezkor avtomobil tunneli ishga tushirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek