Gadjetlar

Smartfonlar 30 foizgacha qimmatlashishi kutilmoqda

Yangi narxlar bo‘yicha xarid qilingan qurilmalar do‘kon peshtaxtalarida mart va aprel oylarida paydo bo‘lishi kutilmoqda
Smartfonlar 30 foizgacha qimmatlashishi mumkin
Foto: Pexels / Andrey Matveev

Rossiyada smartfonlar narxi yaqin oylar ichida sezilarli oshishi kutilmoqda. Xitoylik ishlab chiqaruvchilar fevral oyidan boshlab smartfonlar uchun xarid narxlarini 15 – 30 foizga oshirishini ma’lum qilgan. Bu haqda Izvestiya xabar berdi.

Yangi narxlar bo‘yicha xarid qilingan qurilmalar do‘kon peshtaxtalarida mart va aprel oylarida paydo bo‘lishi kutilmoqda. Buni yirik savdo tarmoqlari va elektronika distribyutorlari vakillari tasdiqlamoqda. Narxlar oshishi turli brend va modellarni qamrab oladi. Bu turli hajmdagi tezkor va doimiy xotiraga ega ommabop smartfonlarga ham taalluqli bo‘ladi.

Asosiy sabab sifatida smartfonlarda qo‘llaniladigan xotira chiplarining global tanqisligi ko‘rsatilmoqda. Mutaxassislar eng avvalo nisbatan arzon qurilmalar segmenti ko‘proq zarar ko‘rishini kutmoqda. Chunki aynan shu toifada xotira komponentlari tannarxning katta qismini tashkil etadi. Bir muddat omborlarda eski narxlardagi zaxiralar hisobiga vaziyat yumshashi mumkin, biroq bu resurs ham tez orada tugashi aytilmoqda.

Wildberries vakillari allaqachon ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilardan smartfonlar bo‘yicha ulgurji narxlar oshayotganini kuzatayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri smartfonlarda uchraydigan eng asosiy muammolar haqida yozgan edi.