Yangiliklar

«Tashabbusli budjet»ning 2026-yilgi 1-mavsumida ishtirok etmaydigan mahallalar ma’lum qilindi

Ketma-ket ikki mavsum g‘olib bo‘lgan mahallalarga loyiha kiritish cheklovi joriy etilgan
«Tashabbusli budjet»
Foto: Asfalt-master.uz

«Тashabbusli budjet» jarayonida ketma-ket ikki mavsum g‘olib bo‘lgan mahallalar uchun navbatdagi ikki mavsumda loyiha kiritish cheklovi joriy etilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, avvalgi mavsumlarda ketma-ket g‘olib bo‘lgan va 2026-yil 1-mavsumda loyiha kiritish imkoniyati cheklangan mahallalar ro‘yxati shakllantirilgan. Ushbu ro‘yxat bilan tuman va shaharlar kesimida openbudget.uz havolasi orqali tanishish mumkin.

Amaldagi tartibga ko‘ra, 23 ta tuman (shahar)da mahallalar soni 15 ta va undan kam bo‘lgani uchun bu hududlardagi mahallalarga tanaffus qo‘llanmagan.

Shu bilan birga, cheklov qo‘llangan mahallalar sherikchilik asosida loyihalarni ilgari surish imkoniyatiga ega.

Eslatib o‘tamiz, mazkur mavsum loyiha joriy etilganidan buyon o‘tkazilayotgan o‘ninchi mavsum hisoblanadi. Jarayon doirasida 1 – 20-fevral kunlari fuqarolar o‘z loyihalarini taqdim etishi mumkin.

21-fevraldan 7-martgacha loyihalar saralab olinadi. 8 – 10-mart kunlari targ‘ibot bosqichi o‘tkaziladi. 11 – 20-mart oralig‘ida ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi. 21 – 31-mart kunlari esa qo‘shimcha g‘oliblar e’lon qilinadi.