
Toshkent metropolitenida to‘lov tizimini yanada shaffof va qulay qilish maqsadida kassalarni bosqichma-bosqich yopish jarayoni davom etmoqda. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar berdi.
Unga ko‘ra, mazkur jarayon doirasida yana 19 ta metro bekatidagi kassalar 2026-yil 1-fevraldan boshlab ketma-ket yopiladi. Ularning o‘rniga bir martalik QR-chipta beruvchi infokioskalar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda Toshkent metrosida elektron to‘lov tizimlari faol ravishda kengaytirilmoqda. Hozir yo‘lovchilar 10 dan ortiq zamonaviy to‘lov usullaridan foydalanishlari mumkin. Jumladan, bank va transport kartalari, mobil ilovalar, yuzni tanib olish (Face ID), kaft orqali to‘lov (Palm Pay) va boshqa raqamli yechimlar joriy etilgan.
Shuningdek, dekabr oyida Toshkent metropoliteni to‘lov tizimini raqamlashtirish bo‘yicha navbatdagi bosqichni boshladi. 2025-yil 9-dekabrdan boshlab «Yer usti halqa yo‘li» yo‘nalishidagi barcha 14 ta bekatda, shuningdek Paxtakor va Alisher Navoiy bekatlarida an’anaviy kassalar faoliyati to‘xtatilishini ma’lum qilgandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent metrosi sxemasi yangilangani haqida yozgandi.