Toshkent va Namangan viloyatlarida mansabdor shaxslar pora ustida ushlandi

Toshkent va Namangan viloyatlarida bir nechta korrupsion holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Toshkent viloyatidagi davlat muassasasi rahbari
Toshkent viloyati hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» davlat muassasasi direktori o‘rinbosari xizmat mavqeidan foydalangan holda, «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali 2,073 mlrd so‘mlik kapital ta’mirlash shartnomasini yutgan pudratchi tashkilot hisob raqamiga 1,1 mlrd so‘m mablag‘ni pora sifatida o‘tkazib berish evaziga $2 ming olgan.
Shuningdek, u qurilish ishlari belgilangan muddatlarda bajarilmaganligi sababli 643,5 mln ming so‘m penya undirish bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritilgan da’vo arizasidan voz kechib, pudratchi foydasiga ajrim chiqarish evaziga $5 mingni pora tariqasida olgan vaqtida davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi «a, v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va unga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Toshkent viloyatidagi Ekologiya boshqarmasi rahbari
Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining tuman bo‘limi rahbari 1990-yilda tug‘ilgan fuqarodan o‘zi istiqomat qiluvchi uyining ko‘cha qismida ko‘p yillik daraxtlarni kesish uchun ruxsat berish evaziga $3 mingni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ushbu shaxsga nisbatan JKning 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Namangan viloyatidagi hokim yordamchisi
Namangan viloyatida Pop tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida hokim yordamchisi davlat zaxirasidagi 90 sotix yer maydonini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsga kelgusida to‘yxona qurishi uchun olib berish va tegishli hujjatlarni tayyorlab berish evaziga 2025-yilda 4,5 mingni olgan.
Ammo va’dasini bajara olmagan hokim yordamchisi $4,5 mingdan 1 mln 200 ming so‘mni qaytarib bergan vaqtida davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi «a, v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida mansabdor shaxs pora bilan qo‘lga tushgan edi.