Yangiliklar

Xitoyda SI orqali boshqariladigan ilk restoran ochildi

Restoranda atigi besh xodimdan tashqari barcha ishlarni robot qiladi
Foto: Global Times

Xitoyda sun’iy intellekt asosida faoliyat yurituvchi birinchi restoran ish boshladi. Bu haqda Global Times xabar berdi.

Mazkur restoran ikki qavatdan iborat bo‘lib, u yagona texnologik tizim sifatida ishlab chiqilgan. Robotlashtirilgan mexanik qo‘llar taomlarga issiqlik ishlovi berish, ugra hamda ichimliklar tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Harakatlanuvchi platformalar esa buyurtmalarni mehmonlar stoliga yetkazish va zaldagi sanitariya holatini saqlash vazifasini bajaradi.

Foto: Global Times

Restoran boshqaruvchisi Tsay Xaytonning ma’lum qilishicha, hozirda sakkizta robotdan iborat texnik park umumiy ishlarning 60 foizdan ortig‘ini amalga oshirmoqda. Inson omili juda kam darajada ishtirok etadi. Atigi besh nafar xodim to‘lovlarni qabul qilish va mahsulotlarni dastlabki tayyorlash jarayoniga jalb qilingan.

Foto: Global Times

Loyihaning eng muhim jihati — ovqat tayyorlash jarayonining to‘liq raqamlashtirilganidir. Robot-oshpazlar uchun yaratilgan dasturiy ta’minot professional oshpazlarning harakatlariga asoslangan yuzdan ortiq retseptlar bilan integratsiyalangan. Sun’iy intellekt algoritmlari qizdirish darajasi va aralashtirish tezligini boshqarib, taomning aniq va barqaror ta’mini ta’minlaydi.

Xialinghui nomli mahalliy texnologik kompaniya tomonidan amalga oshirilgan ushbu loyiha nafaqat tijoriy, balki muhim infratuzilmaviy ahamiyatga ham ega. Restoran rasmiy ravishda Sixu tumani ijtimoiy oshxonalar tizimiga kiritilgan. 60 yoshdan oshgan aholiga 50 foizgacha chegirmalar taqdim etiladi.

Foto: Global Times

Mahalliy hokimiyat vakillarining ta’kidlashicha, ushbu maskan hududiy robototexnika klasteri uchun tajriba maydoni vazifasini bajaradi. Amaliy foydalanish jarayonida to‘plangan ma’lumotlar texnologiyalarni takomillashtirish va jamoat ovqatlanish sohasida yechimlarni keng miqyosda joriy etishda qo‘llaniladi.

Avvalroq «Kursiv» restoran biznesida O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar kuzatilayotgani haqida yozgandi.