Yangi avlod Mercedes-Benz S-Class modeli taqdim etildi — foto

30-yanvar 2026 11:18 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Mercedes-Benz S-Class
Foto: Mercedes-Benz

Mercedes-Benz biznes-klass ramzi hisoblangan Mercedes-Benz S-Class modelining yangi avlodini rasman namoyish etdi. Bu haqda Motor1 portali ma’lum qildi.

Yangi S-Class savdosi 2027-yilda boshlanishi rejalashtirilgan. Tashqi dizayn 2020-yilda taqdim etilgan model bilan umumiy proporsiyalarni saqlab qolgan. Shu bilan birga, avtomobil old qismi qayta ishlangan. Kattaroq radiator panjarasi, keskinroq bamper chiziqlari va vertikal lamellarga joylashtirilgan uch nurlik yulduzlar asosiy yangiliklar sirasiga kiradi. Orqa chiroqlar yangi E-Class uslubida bajarilgan. Har bir fonarda uchta yulduzsimon yorug‘lik elementi mavjud bo‘lib, ular bagaj qopqog‘idagi xrom chiziq bilan bog‘langan. Dizaynni 19 dyuymli ko‘p spitsa disklar to‘ldiradi.

Foto: Mercedes-Benz S-Class

Salon ham tubdan yangilangan. Oldingi avloddagi Hyperscreen paneli olib tashlanib, uning o‘rniga Superscreen arxitekturasi qo‘llangan. U 12,3 dyuymli raqamli asboblar paneli, 14,3 dyuymli multimedia ekrani va old yo‘lovchi uchun alohida 12,3 dyuymli displeydan iborat. Multimedia tizimi yangilangan MBUX platformasida ishlaydi. Unda generativ sun’iy intellekt funksiyalari va Google xaritalari integratsiyasi mavjud. Orqa yo‘lovchilar uchun ikkita 13,1 dyuymli ekran ko‘zda tutilgan.

Foto: Mercedes-Benz S-Class

Texnik qismda eng e’tiborli yangiliklardan biri S580 versiyasida paydo bo‘lgan 4,0 litrli V8 dvigatel bo‘ldi. Tekis krankvalga ega ushbu motor 48 voltli gibrid tizim bilan uyg‘unlashgan. Uning quvvati 530 ot kuchini, aylantiruvchi momenti esa 750 N·mni tashkil etadi. 0 dan 100 km/soatgacha tezlanish 4 soniyadan kam vaqt oladi.

Bazaviy S500 versiyasi 442 ot kuchiga ega qatorli olti silindrli dvigatel bilan jihozlanadi. Gibrid S580e esa 576 ot kuchini ishlab chiqaradi va faqat elektr energiyasida yurish masofasi bo‘yicha avvalgisidan ustun bo‘lishi kutilmoqda. V12 dvigatel esa faqat S680 Guard versiyasi uchun saqlab qolinadi.

Foto: Mercedes-Benz S-Class
Foto: Mercedes-Benz S-Class

Barcha modifikatsiyalar 9 pog‘onali avtomatik uzatma, to‘liq yuritma bilan jihozlanadi. Ixtiyoriy tarzda E-Active Body Control tizimi taklif etiladi. Ushbu tizim osma ishini intellektual ravishda boshqarib, harakat qulayligini oshiradi.

Mercedes-Benz S-Class 2027 narxlari hozircha e’lon qilinmagan. Biroq hozirgi avlod AQSh bozorida taxminan $121 mingdan boshlanishini inobatga olganda, yangi model arzon bo‘lmasligi aniq. Komplektatsiyalar va narxlar haqidagi batafsil ma’lumotlar savdo boshlanishiga yaqinroq ochiqlanadi.

Foto: Mercedes-Benz S-Class

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mercedes-Benz VLE qanday dizaynda chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek